«O’zbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy va ma'rifiy siyosat yuksak e'tibor va hurmatga loyiqdir”

Pragada mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag’ishlangan taqdimot marosimi bo’lib o’tdi. O’zbekistonning Chexiyadagi elchixonasi (qarorgohi Berlinda) hamda respublikamizning Frankfurtdagi Bosh konsulligi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda Chexiyaning ijtimoiy, ilmiy-akademik va ekspert doiralari vakillari ishtirok etdilar. 

Taqdimot chog’ida Prezident Islom Karimovning O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag’ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasining mazmun-mohiyati hamda davlatchilik asoslari va fuqarolik jamiyati tamoyillarini shakllantirishda mamlakatimiz Asosiy qonuni tutayotgan o’rin va uning ahamiyati bilan bog’liq masalalar muloqotlarning bosh mavzusi bo’ldi. 

Ta'kidlanganidek, O’zbekistonning Bosh qonuni mustaqillikning dastlarki paytlaridan boshlaboq amalga oshirilayotgan izchil demokratik o’zgarishlarning, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq islohotlarining kafolati va mustahkam poydevori sifatida xizmat qilmoqda.  

Marosim doirasida namoyish etilgan madaniy dastur hamda «Keksalarni e'zozlash yili» va O’zbekistonning boy tarixiy-ma'naviy merosi mavzulariga bag’ishlangan suratlar ko’rgazmasi ishtirokchilarda jonli qiziqish uyg’otdi. Shu bilan birga, o’lkamizning noyob sayyohlik salohiyati va diqqatga sazovor maskanlari, o’zbek xalqining madaniyati, an'ana va urf-odatlari haqida hikoya qiluvchi hujjatli film ham namoyish etildi.  

Tadbirdan olgan taassurotlarini o’rtoqlashar ekan, Pragadagi Chexiya Agrotexnika universiteti prorektori Mixal Loshtak «Jahon» axborot agentligiga bergan intervyusi chog’ida quyidagi fikrlarini bayon etdi:

- Biz Chexiya va O’zbekistonning madaniy-gumanitar sohadagi o’zaro munosabatlari rivojlanishini  tabriklaymiz. Mamlakatingizdagi hamkorlar bilan yaxshi akademik almashuvlarni yo’lga qo’yganmiz, turli ma'rifiy loyihalar muvaffaqiyat bilan hayotga tadbiq etilmoqda. Ularda o’zlarining iqtidori va tirishqoqligi bilan boshqalardan ajralib turadigan o’zbek talabalari va aspirantlari faol ishtirok etishmoqda. Ishonchim komilki, o’zbek yoshlarining bu yerda olgan bilim va ko’nikmalari respublikangiz farovonligining ravnaqiga hamda jamiyatning bundan keyingi taraqqiyotiga xizmat qiladi. 

Ijtimoiy masalalar bo’yicha olim sifatida shuni ham qayd etishni istar edimki, haqiqatan ham davlat va jamiyat hayotida Konstitutsiyaning o’rni va ahamiyati juda kattadir. Unda o’z ifodasini topgan demokratik tamoyil va me'yorlar 130 dan ziyod millat va elatlar vakillari o’zaro ahillik va birdamlikda istiqomat qilayotgan mamlakatingiz hududidagi barcha aholi huquqlarining kafolati hisoblanadi.   

Shunisi ham diqqatga sazovorki, kirib kelayotgan Yangi yil O’zbekistonda «Sog’lom ona va bola yili», deb e'lon qilindi. Bu juda muhim voqea hisoblanadi, chunki sog’lom onalik va bolalik davlatning kelajagini bergilab beradi. Barchamiz farzandlarimizning baquvvat, o’qimishli va iqtidorli bo’lib o’sishini istaymiz. Shu nuqtai nazardan O’zbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy va ma'rifiy siyosat yuksak e'tibor va hurmatga loyiqdir.

“Jahon” AA, Praga