“O’zbekiston Konstitutsiyasi asosida zamonaviy davlat barpo etilmoqda”

Latviya poytaxtida O’zbekiston Konstitutsiyasi kuniga bag’ishlangan tantanali tadbir bo’lib o’tdi. Mamlakatimizning mazkur davlatdagi diplomatiya vakolatxonasi tomonidan Riga Moliya va boshqaruv oliy maktabi (RISEBA) ko’magida tashkil etilgan ushbu tadbirda Latviyaning ijtimoiy-siyosiy, ilm-fan va ishbilarmon doiralari vakillari, o’zbekistonlik talabalar hamda jurnalistlar  ishtirok etdilar.

O’zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Konstitutsiya qabul qilinganining 23 yilligiga bag’ishlangan tantanali tadbirdagi ma'ruzasining mazmun-mohiyati va unda belgilangan muhim ustuvor yo’nalishlar haqidagi atroflicha ma'lumotlar mehmonlar e'tiboriga havola qilindi.

Shu bilan birga, o’zbek xalqining boy tarixiy-madaniy va ilmiy merosi xususida ham atroflicha so’z bordi. Xalq hunarmandchiligi namunalari, “Toshkent”, “Buxoro” va “Samarqand” singari betakror shaharlar bag’ridagi me'moriy yodgorliklar aks etgan suratlar hamda O’zbekiston haqidagi videolavha taqdimoti ham tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg’otdi.

Tantanali marosim qatnashchilari yurtimizda hayotga tadbiq etilayotgan keng ko’lamli islohotlar natijalarini, shuningdek,  amalga oshirilayotgan davlat dasturlarini yuqori baholadilar.

Xususan, Riga Moliya va boshqaruv oliy maktabi (RISEBA) rektori Irina Sennikova “Jahon” axborot agentligiga bergan intervyusi chog’ida Bosh qomusimizning davlat va jamiyat hayotida tutgan o’rni va ahamiyati haqidagi fikr-mulohazalarini quyidagicha bayon etdi:

- Avvalambor, O’zbekiston xalqini va bu yurtdan kelgan qadrli talabalarni muhim sana - Konstitutsiya kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Bugungi tantanali tadbir bois O’zbekistonda erishilgan muvaffaqiyatlar va olib borilayotgan keng ko’lamli islohotlar haqidagi zarur ma'lumotlardan voqif bo’ldik. Betakror O’zbekistonning ko’hna tarixi va boy madaniyati ufurib turgan muhitni his qilish imkoniyatiga ega bo’lganimiz uchun minnatdorlik bildiramiz. 

Konstitutsiya - davlatning siyosiy, huquqiy va iqtisodiy tizimlari asosi. O’zbekiston o’z Konsitutsiyasi asosida tamoman yangi davlat barpo etayotganiga hamda o’zining Asosiy qonuniga nisbatan qanchalar hurmat ko’rsatayotganiga guvoh bo’lib turibmiz.

“Jahon” AA, Riga