«O’zbekistan kapital qo’yilmalar uchun dunyoning eng yaxshi mamlakatlaridan biridir»

O’zbekistonning Kuala-Lumpurdagi elchixonasida mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag’ishlangan tantanali tadbir bo’lib o’tdi. Unda Malayziyaning ijtimoiy-siyosiy va ishbilarmon doiralari, Lincoln University College, Binary University of Management & Entrepreneurship, UCSI University singari ta'lim muassasalari hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdilar.  

Tadbir yakuni bo’yicha uning ayrim qatnashchilari “Jahon” axborot agentligiga intervyu berdilar.

Koxilan Pilay, Malayziya Bosh vazirining Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik bo’yicha maslahatchisi:

-  Mustahkam va vaqt sinovidan o’tgan O’zbekiston - Malayziya munosabatlari bugungi kunda shitob bilan rivojlanishda davom etmoqda.

O’zaro hamkorligimiz doirasida shu yil noyabr oyida Toshkentda bo’lib o’tgan Xalqaro moliyaviy forumda mamlakatimiz delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Biz O’zbekistonda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilganiga yana bir karra ishonch hosil qildik. Safar chog’ida mamlakatingiz poytaxtidagi korxonalardan birida moylash materiali ishlab chiqarish bo’yicha qo’shma korxonani yo’lga qo’yish yuzasidan qaror qabul qilindi. Unda ishlab chiqariladigan mahsulotlar qo’shni mamlakatlarga eksport qilinadi.

Imkoniyatdan foydalanib, o’zaro hamkorlikni, savdo-sotiq va ishlab chiqarish kooperatsiyasini  rivojlantirish imkonini beradigan sharoitlar yaratilgani, shuningdek, xorijiy sarmoyadorlar qo’llab-quvvatlanayotgani uchun mamlakatingizga minnatdorlik bildirishni istar edim.

Maks Sey, Osiyo Strategiya va yetakchilik institutining vitse-prezidenti:

- O’zbekiston Konstitutsiyasi mustaqil mamlakat qurilishining mustahkam huquqiy asosi hisoblanadi. U ko’p asrlik o’zbek davlatchiligining zamonaviy dunyodagi ifodasi bo’lib qoldi.

Men mamlakatingizda bir necha marotaba bo’lganman. Har safar O’zbekistonning tez sur'atlarda rivojlanib borayotganiga, qishloq va shaharlarda qurilish ishlari ko’lamlari naqadar keng ekanligiga guvoh bo’lganman. Bularning barchasi o’zbek xalqining yaratuvchilik mehnati hamda Prezident Islom Karimov rahnamoligidagi buyuk tarixni asrash va aholi farovonligini oshirishga yo’naltirilgan puxta va uzoqni ko’zlagan siyosatning samarasidir.

Pramesh Turaisingam, “Xing Group Berhad” kompaniyasining ijrochi direktori:

- O’zbekistan kapital qo’yilmalar uchun dunyoning eng yaxshi mamlakatlaridan biridir.

Biz 20 MVt quvvatiga ega bo’lgan quyosh elektr stansiyasini qurish bo’yicha loyihani, shuningdek, qo’shimcha ravishda yana boshqa istiqbolli yo’nalishlarni moliyalashtirishni rejalashtirmoqdamiz. 

Respublikangiz qulay jo’g’rofiy joylashuvga ega. Bu mintaqaning barcha mamlakatlaridagi bozorlarga chiqish imkonini bergani barobarida bundan keyingi iqtisodiy taraqqiyotni ham ta'minlaydigan muhim omillar sirasiga kiradi.

«Jahon» AA, Kuala-Lumpur