Buyuk Britaniyadan tabrik

Ilgari xabar berilganidek, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligi munosabati bilan xorijiy mamlakatlar vakillarining mamlakatimiz xalqiga yo’llagan qutlovlarining kelishi davom etmoqda. Quyida Britaniyadagi “Lintelligent Ltd” kompaniyasi direktori Evelin Fisherning tabrigi hamda mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijalari, bularning ta'minlanishida respublikamiz Konstitutsiyasining tutgan o’rni xususidagi fikrlari e'tiboringizga havola qilinadi.

- O’zbekistonning mustaqil taraqqiyot yillari davomidagi, ayniqsa, keyingi davr ichida erishgan muvaffaqiyatlari kishida katta taassurot qoldiradi. Mamlakatning asosiy shaharlarini bir-biriga bog’laydigan, katta tezlikda poyezdlar harakatlanadigan temir yilning qurilishi ko’plab misollarning biridir.

Respublikada olib borilayotgan vazmin va chuqur o’ylangan siyosat tufayli barqarorlik, tinchlik va xotirjamlikni saqlab qolishga, iqtisodiyot rivojlanishining o’suvchanligiga erishishga   muvaffaq bo’lindi. Shu o’rinda zamonaviy, yuqori texnologiyaga asoslangan ishlab chiqarishning barpo etilgani, strategik sarmoyadorlar sifatida jahon darajasidagi yirik kompaniyalarning jalb etilganini alohida ta'kidlash kerak.

Mamlakatni modernizatsiyalash borasida qo’lga kiritilgan ijobiy natijalar zamirida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, sarmoyadorlarga kafolatlar ta'minlanishi uchun sharoitlar yaratish uchun aniq maqsadga yo’naltirilgan va izchil islohotlar yotadi. Keyingi 5 yil mobaynida mamlakatda 5 million yangi ish o’rni yaratilgani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

Biroq O’zbekistondagi barcha islohotlardan ko’zlangan asosiy vazifa inson huquqlari, uning erkinligi va manfaatlariga rioya etilishini kafolatlaydigan demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishdir.

Davlat tomonidan keksa yoshdagi aholi va yoshlarga ko’rsatilayotgan g’amxo’rlik ham yuqori bahoga loyiqdir. Onalik va bolalik muhofazasi haqida ham xuddi shunday deyish mumkin.

Fursatdan foydalanib, O’zbekiston xalqini respublika  Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligi munosabati bilan samimiy qutlayman.

“Jahon” AA, London