Latviyalik jurnalist: “O’zbekiston kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari izchil harakatlanmoqda”

Mamlakatimiz Bosh qomusi qabul qilinganining 23 yilligi munosabati bilan xorijiy davlatlarning ijtimoiy-siyosiy, ishbilarmon, ilmiy-akademik va ekspert-tahliliy doiralari vakillari tomonidan qutlovlar kelishi hamon davom etmoqda.

Xususan, Latviyaning “Otkritiy gorod” (Ochiq shahar) xalqaro jurnali bosh muharriri Tatyana Fast “Jahon” axborot agentligiga bergan intervyusi chog’ida yurtimizda siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda keng ko’lamli islohotlarning amalga oshirilishida Konstitutsiyaning o’rni va ahamiyati haqida o’z fikr-mulohazalarini bayon etdi.

- So’nggi besh yil mobaynida mamlakat Asosiy qonuniga demokratik islohotlarni izchil davom ettirishga qaratilgan muhim qo’shimcha va o’zgartirishlar kiritildi. Ijro hokimiyati vakolatlarining bir qismini qonun chiqaruvchi hokimiyat zimmasiga yuklashni ko’zda tutuvchi qo’shimcha shulardan biridir. Ana shunday islohotlar yuz berganidan so’ng, ya'ni 2014 hamda 2015-yili respublika taraqqiyotida yangi sahifani ochib bergan parlament va Prezident saylovlari o’tkazildi. 

Men joriy yil mart oyida bo’lib o’tgan Prezident saylovlarida xorijiy jurnalistlar qatorida ushbu muhim siyosiy jarayonni bevosita yoritishda ishtirok etdim. Saylovlar umume'tirof etilgan demokratik tamoyillar va milliy qonunchilikka to’la mos ravishda yuqori tashkilotchilik darajasida o’tkazildi. Xalqaro kuzatuvchilar mamlakatda fuqarolarning saylov huquqiga naqadar yuksak hurmat va mas'uliyat bilan yondoshishlarining bevosita guvohi bo’lishdi.

Shu o’rinda mahalla institutining mahalliy aholi o’rtasidagi yuksalib borayotgan nufuzi va ahamiyati yuqori bahoga loyiq ekanligi xususida ham to’xtalishni istar edim. Fuqarolik jamiyatining mazkur o’zini o’zi boshqarish organi mamlakat saylov tizimida alohida ahamiyat kasb etadi.

O’zbekistonda yuz berayotgan bunday ijobiy o’zgarishlar tahlil qilinar ekan, mamlakat kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari izchil ravishda odimlayotgani ayon bo’ladi. 

O’zbekiston xalqini muhim sana - Konstitutsiya qabul qilinganining 23 yilligi bilan samimiy qutlar ekanman, mamlakatingizga rivojlangan davlat va jamiyat qurish yo’lida ulkan zafarlar tilashimdan behad mamnun bo’laman. 

“Jahon” AA,  Riga