Misr OAV: “O’zbekiston Konstitutsiyasi - o’zbek jamiyatini demokratlashtirish va liberallashtirish dasturining asosi”

Misr Arab Respublikasida chop etiladigan ijtimoiy-siyosiy nashr - “Al-Hayat al-Misriya” (Misr hayoti) hamda “Shabab an-Nil” (Misr yoshlari) gazetalarida Prezident Islom Karimovning O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag’ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasiga bag’ishlangan maqolalar e'lon qilindi.

Ularda Konstitutsiyamiz bugungi kunda suveren demokratik davlat barpo etish, inson manfaatlari, huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblangan fuqarolik jamiyatini shakllantirishning asosiy huquqiy va qonunchilik poydevoriga aylangani qayd etilgan.

“Al-Hayat al-Misriya” gazetasi O’zbekistonda iqtisodiyot o’sishining barqaror sur'atlari ta'minlanganini, u mustaqil rivojlanish yillari davomida qariyb 6 baravarga oshganini o’z o’quvchilariga ma'lum qilgan. Shu o’rinda aholi jon boshiga to’g’ri keladigan real daromadlar 9 barobardan ziyod o’sgani, keyingi 11 yil davomida, jumladan, joriy 2015-yilda yalpi ichki mahsulotning o’sish sur'atlari barqaror ravishda 8 foizdan yuqori bo’lib kelayotgani, makroiqtisodiy ko’rsatkichlar mutanosibligi, davlat byudjeti va to’lov balansining barqaror ravishda profitsit bilan bajarilishi, eksport va oltin-valyuta zaxiralarining o’sishi ta'minlanayotgani alohida ta'kidlangan.   

Yuqoridagilardan tashqari, joriy yilda mamlakatimiz iqtisodiyotiga qariyb 16 milliard dollar qiymatidagi investitsiya kiritilgani va bu asosiy fondlar umumiy hajmining salkam 23,3 foizini tashkil etishi, o’tgan 5 yil davomida iqtisodiyotimizga jami bo’lib qariyb 67 milliard dollar investitsiya yo’naltirilgani, buning 21 foizdan ortig’i xorijiy investitsiyalar ekanligi ham misrlik gazetxonlar e'tiboriga havola qilingan.

Shuningdek, maqolada joriy yil noyabr oyida Toshkentda bo’lib o’tgan Xalqaro sarmoyaviy forumning yakunlari bo’yicha 12 milliard AQSh dollaridan ziyod miqdordagi bitimlar imzolangani xorijlik sarmoyadorlarning O’zbekistonga bo’lgan ishonchini namoyon qilgani alohida qayd etilgan.

Gazeta xabar berganidek, Islom Karimov o’z ma'ruzasida  O’zbekistonning muvaffaqiyatli sarmoyaviy siyosatiga yaqqol misollar keltirgan. Ular orasida qiymati 4 milliard dollardan ziyod bo’lgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi, GM korporatsiyasi bilan hamkorlikda «Malibu», «Kobalt» i «Orlando»  kabi  yengil avtomobillar uchun dvigatellar ishlab chiqarilayotgani, «MAN» kompaniyasi ishtirokida Samarqand viloyatida yuk avtomobillari va avtobuslar ishlab chiqaradigan yangi kompleks tashkil etilgani, shuningdek, Yaponiyaning «Isuzu» kompaniyasi bilan birgalikda avtobuslar ishlab chiqarilayotgani singari dalillar bor. 

O’z navbatida, «Shabab an-Nil»  gazetasi ham respublikamiz rahbarining mazkur ma'ruzasida demokratik davlat qurilishida mamlakatimiz Asosiy qonun o’ta muhim o’rin tutayotgani qayd etilganini qalamga olgan. 

Ushbu mavzudagi maqolada O’zbekiston Konstitutsiyasi va uning asosida yaratilgan qonunchilik bazasi, shuningdek, 2010-yilda qabul qilingan mamlakatda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi jamiyatni isloh etish, demokratlashtirish va liberallashtirish, mamlakatni modernizatsiya qilish va tub tarkibiy o’zgarishlarni amalga oshirish bo’yicha puxta o’ylangan, uzoq muddatga mo’ljallangan, dunyoda taraqqiyotning “o’zbek modeli” deb tan olingan dastur asosini tashkil etishi alohida ta'kidlangan.

Gazeta mamlakatimizda qonuniylik va qonun ustuvorligini ta'minlash borasida qo’lga kiritilgan muvaffaqiyatlar haqidagi muhim ma'lumotlarni ham o’z o’quvchilariga ma'lum qilgan. AQShda faoliyat ko’rsatayotgan Gellap instituti deb nom olgan ijtimoiy fikrni o’rganish markazi tomonidan «Qonuniy tartiblarga itoat qilish indeksi» degan mavzuda 2015 yilda o’tkazilgan va e'lon qilingan tadqiqot materiallarida O’zbekiston dunyoning 141 mamlakati orasida 2 o’rinni egallagani bunga misol tariqasida keltirilgan.

Maqola intihosida esa Misr nashri O’zbekiston Prezidenti tomonidan 2016-yil mamlakatimizda “Sog’lom ona va bola yili”, deb e'lon qilingani qalamga olingan.

“Jahon” AA, Qohira