Diqqat: 2017-yil 5-iyul kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri hamyurtlarimiz bilan to‘g‘ridan-to‘gri muloqot o‘tkazadi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan e’lon qilingan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da belgilangan topshiriqlarni amalga oshirish doirasida 2017-yilning 5-iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 14.00 dan 16.00 ga qadar tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov O‘zbekistondagi va xorijdagi hamyurtlar bilan uchrashuv o‘tkazadi va ularning savollariga javob beradi. Videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tadigan tadbirda O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari va bosh konsulxonalari rahbarlari ishtirok etadi.

Muloqot doirasida O‘zbekiston va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari qarshisida vatandoshlarimizning TIV faoliyati bilan bog‘liq dolzarb muammolari ko‘rib chiqiladi.

Tashqi ishlar vazirligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilish imkoniga ega bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarolari matn, audio va video ko‘rinishdagi o‘z savollarini Vazirning virtual qabulxonasiga, muloqot@tiv.uz rasmiy elektron manziliga, shuningdek TIVning “Facebook”dagi rasmiy sahifasi va “Telegram”dagi kanalga oldindan jo‘natishlari mumkin.

Shu o‘rinda ma’lum qilamizki, anonim xatlar, odobsizlik mazmunidagi murojaatlar (uyatsiz yoxud haqoratli iboralar, mantiq va ma’nosi bo‘lmagan takliflar va boshqalar), murojaat matnida tushunarsiz qisqartirishlar mavjud bo‘lgan, tarkibida aniq arizalar, shikoyatlar yoki takliflar bo‘lmagan murojatlar ko‘rib chiqilmaydi.

Murojaatlar ushbu e’lon chop etilgan vaqtdan tadbir yakunlanganiga qadar – 2017-yilning 5-iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 16.00 gacha qabul qilinadi.

 

 

 

O‘ZBEKISTON FUQAROLARINI QANDAY MASALALAR TASHVISHGA SOLMOQDA?

Tashqi ishlar vazirining vatandoshlarimiz bilan bo‘lajak to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotiga tayyorgarlik to‘g‘risida

 

Tashqi ishlar vazirining vatandoshlarimiz bilan 2017-yil 5-iyul kuni to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkazishi to‘g‘risida TIV internet-resurslarida 2017-yil 8-iyunda e’lon qilingan xabardan so‘ng Vazirlikka Virtual qabulxona, muloqot@tiv.uz elektron manzili, TIVning “Facebook”dagi sahifasi, “Telegram”dagi kanali orqali xatlar kela boshladi.

Kelib tushgan murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, ularning asosiy qismi quyidagi masalalarga tegishli:

- hujjatsiz va moliyaviy ta’minotsiz qolgan xorijdagi fuqarolarimizning vatanga qaytishlari;

- ota-onalari xorijda yashirinib yurgan bolalarni boqish uchun aliment undirish;

- O‘zbekiston hududidan chiqib ketgan ota-onalarni izlash;

- boshqa davlatlarda sudlangan fuqarolarga yordam ko‘rsatish;

- vatandan yiroqda vafot etgan fuqarolar jasadini qaytarish;

- xorijga chiqishda yordam berish;

- O‘zbekiston fuqaroligidan chiqish;

- TIV tizimiga ishga joylashish.

Mamlakatimizning tashqi siyosiy faoliyati bilan bog‘liq masalalar ham anchagina. O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan munosabatlari, jumladan tashqi chegaralar delimitatsiyasi va demarkatsiyasining borishiga oid mavzular ko‘proq qiziqish uyg‘otmoqda.

Barcha murojaatlar ro‘yxatdan o‘tkazilib, Vazirga ma’lum qilinmoqdava uning shaxsiy nazoratiga olinmoqda. O‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilgach, fuqarolarga rasmiy javoblar va tegishli izohlar beriladi.

Shuningdek O‘zbekiston terma jamoasining so‘nggi xalqaro o‘yinlari natijalaridan ranjigan futbol muxlislari nomidan tushgan murojaat haqida ham Vazir xabardor qilindi.

TIV 8-iyundagi xabarni batafsil bayon qilib, Vazirning vatandoshlar bilan bo‘lajak muloqoti auditotoriyasini sezilarli kengaytirishga ko‘maklashgan barcha mahalliy va xorijiy OAV vakillariga minnatdorlik izhor etadi va ular bilan samarali hamkorlikni davom ettirishga umid qiladi.