O‘zbekiston fuqarolari uchun soddalashtirilgan tartib o‘rnatilgan alohida mamlakatlarga kirish tartibi

O‘ZBEKISTON FUQAROLARI UCHUN SODDALASHTIRILGAN TARTIB O‘RNATILGAN ALOHIDA MAMLAKATLARGA KIRISH TARTIBI

MDH davlatlari

Ikki tomonlama shartnomalar asosida Ozarbayjon, Armaniston, Belorussiya, Gruziya (bir yilgacha), Qozog‘izton, Moldaviya, Rossiya, Ukraina va Qirg‘iziston (60 kungacha) bilan vizasiz tartib o‘rnatilgan.

O‘zbekiston fuqarolariga yuqoridagi mamlakatlarga (Gruziya va Qirg‘izistonga ko‘rsatilgan muddatga) borish uchun viza rasmiylashtirish talab etilmaydi.

 

Xorij mamlakatlari

Malayziya

30 kunga qadar shaxsiy maqsadda yoki turist sifatida Malayziyaga tashrif buyuruvchi O‘zbekiston fuqarolari uchun viza rasmiylashtirishning soddalashtirilgan tartibi amal qilib kelmoqda. Vizalar mamlakat aeroportiga yetib kelgandan so‘ng taklifnoma va to‘lovlarsiz rasmiylashtiriladi.

Meksika

AQSh va Kanadada doimiy yashab kelayotgan O‘zbekiston fuqarolari (Green Card va Permanent Resident Card sohiblari) tashrif muddati olti oydan oshmagan holatda Meksikaga ish yuzasidan va sayyoh (turist) sifatida tashriflarni vizasiz amalga oshirishlari mumkin.

Meksika davlat chegara xizmati nazorat punktida O‘zbekiston fuqarolari faqatgina FMTTV blankasini to‘ldirib, fuqarolik pasporti va AQSh yoki Kanadaning doimiy rezidenti kartasini taqdim etishlari lozim.

Tayland

2010-yil 23-apreldagi Tayland hukumatining qarori asosida O‘zbekiston davlati ham Tayland davlat chegara xizmati nazorat punktlarida (jami 24 ta) viza rasmiylashtiriladigan davlatlar ro‘yxatiga kiritildi.

Tayland hududiga kirish uchun ruxsat beradigan punktlarida viza olish uchun quyidagi shartlarga amal qilinishi lozim:

- Tashrif maqsadi «sayohat» bo‘lishi kerak;

- Arizachi moliyaviy layoqatliligini tasdiqlashi lozim (1 kishi uchun 310 AQSH dollari atrofida yoki oila uchun 620 AQSh dollari atrofidagi mablag‘i bo‘lishi lozim;

- O‘rnatilgan namunadagi anketani to‘ldirishi va 31 AQSh dollari miqdorida to‘lov amalga oshirishi kerak;

Viza 15 kunga qadar rasmiylashtiriladi va aeroportda rasmiylashtirilgan viza muddati uzaytirilmaydi, ba’zi holatlar (ya’ni kasallik, biror halokatga tushish va h.k.) bundan mustasno.

Turkiya

Turkiya Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 19-iyundagi 2007/12441-sonli qarori asosida 30 kun muddatgacha sayyohlik maqsadida Turkiyaga tashrif buyuruvchi O‘zbekiston fuqarolari uchun viza olish tartibi bekor qilingan.

Shu o‘rinda, Turkiyaga vizasiz tashrif buyuruvchi O‘zbekiston fuqarolari mamlakatda bo‘ladigan har bir kuni uchun 30 AQSh dollari miqdorida mablag‘ga ega bo‘lishi hamda davlat chegara organlariga Turkiyaga tashrif maqsadi va mamlakatdagi yashash manzili haqida xabar berishlari lozim.

Vizasiz kirish tartibi og‘ir yuk avtomobili va avtobus haydovchilariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi yo‘l hujjati bilan hujjatlashtirilgan fuqaroligi yo‘q shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Ushbu tartib 2007-yil 1-avgustda kuchga kirgan.

 

Diplomatik pasportlar bo‘yicha viza rejimidagi yangilliklar

Vengriya, Ruminiya, Slovakiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Braziliya, XXR Singapur va Vietnam bilan diplomatik pasport egalariga 30 kundan 90 kungacha vizasiz rejim o‘rnatilgan.

Xalqaro tashkilotlar va diplomatik vakolatxonalarning akkreditatsiyadan o‘tgan xodimlari butun faoliyati mobaynida Tomonlar hududida vizasiz bo‘lib turishlari mumkin.

Shuningdek, Ruminiya va Slovakiya bilan 90 kun muddatgacha xizmat pasporti egalari uchun ham vizasiz rejim o‘rnatilgan.