BMT Rezident-koordinatori, BMTTD Doimiy vakili bilan uchrashuv

BMT REZIDENT-KOORDINATORI, BMTTD DOIMIY VAKILI BILAN UCHRASHUV

f63c860bb163758b25146ad16daaae7d.jpg

2017-yilning 3-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov BMT Rezident-koordinatori, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi Doimiy vakili etib tayinlangan Helen Freyzerni qabul qildi. 

 

Helen Freyzer o‘zining O‘zbekistonga tayinlangani to‘g‘risidagi BMT Bosh kotibi Antoniu Gutterrishning maktubini Vazirga topshirdi.

Muloqot davomida ikki tomonlama munosabatlarning holati va ularni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Qayd etilganidek, BMT Bosh kotibi Antoniu Gutterrish hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husaynning mamlakatimizga tashriflari hamda ularning Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan samarali muzokaralari BMTning O‘zbekistonga va butun Markaziy Osiyo mintaqasiga e’tibori kuchayganidan dalolat beradi.

Hozirgi paytda O‘zbekiston va BMTni turli sohalardagi unumli hamkorlik bog‘lab turibdi. Ta’kidlanganidek, asosiy tamoyil – inson manfaatlarining hamma narsadan ustunligi mamlakatimizda qabul qilingan 2017-2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va BMT Bosh Assambleyasi tomonidan tasdiqlangan 2016-2030-yillarda Barqaror rivojlantirish maqsadlarini birlashtiradi.

BMT Vakolatxonasining yangi tayinlangan rahbariga 2017-2020-yillarda O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha Dastur (“Yo‘l xaritasi”) loyihasi ko‘rib chiqish uchun taqdim etildi hamda uning asosiy bandlari bo‘yicha tushuntirish berildi.

Uchrashuvda ayrim global va mintaqaviy masalalar, jumladan BMT shafeligida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiya kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.

 

Anvar Ilyosov olgan surat