Markaziy saylov komissiyasi saylovning dastlabki natijalarini e’lon qildi

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI SAYLOVNING DASTLABKI NATIJALARINI E’LON QILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida o‘tkazilgan brifingda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining dastlabki natijalari to‘g‘risida ma’lumot berildi. 

Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov 2016-yilning 4-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi milliy saylov qonunchiligi va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan demokratik prinsiplari asosida ochiq va oshkora o‘tkazilganini ta’kidladi. 

– Prezident saylovining tarixiy va siyosiy ahamiyatini chuqur tushungan ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi yana bir bor o‘zining Vatanimiz taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini, grajdanlik pozitsiyasini namoyish etib, ovoz berishda yuksak siyosiy faollik bilan ishtirok etdi, – dedi Markaziy saylov komissiyasi raisi. 

Saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 20 million 461 ming 805 nafar saylovchining 17 million 951 ming 667 nafari ovoz berishda ishtirok etdi. Bu saylovchilar umumiy sonining 87,73 foizini tashkil etadi.«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi qonunning 35-moddasiga muvofiq bu Prezident saylovi o‘tganligidan dalolat beradi. 

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini beshta xalqaro tashkilot – Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi va Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, 46 davlatdan 600 ga yaqin kuzatuvchi kuzatib bordi. 

Saylovda ishtirok etgan to‘rtta siyosiy partiyaning 37 mingdan ziyod vakili ham ovoz berish hamda ovozlarni sanab chiqish jarayonini kuzatib bordi. Saylov komissiyalari tomonidan ularning faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha shart-sharoit yaratib berildi. 

Saylov kampaniyasini mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalarining 1 ming 400 nafardan ziyod vakili keng yoritmoqda. 

Ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonida saylovga oid qonun hujjatlari talablari buzilgani haqida Markaziy saylov komissiyasiga saylovchilar, siyosiy partiyalar kuzatuvchilari, xalqaro va xorijiy kuzatuvchilaridan murojaatlar kelib tushmagan. 

Markaziy saylov komissiyasi raisi kecha, ya’ni 4-dekabr kuni ovoz berish yakunlangach, saylov uchastkalarida Prezidentlikka nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalarning kuzatuvchilari, xalqaro kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari kuzatuvi ostida har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlarni alohida-alohida sanab chiqish ishlari boshlanib, bu jarayon oxiriga yetganicha tanaffussiz davom ettirilganini ma’lum qildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining dastlabki natijalariga ko‘ra, Sarvar Sadullayevich Otamuratovga 421 ming 55 nafar yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar umumiy sonining 2,35 foizi, Shavkat Mirziyoyevga 15 million 906 ming 724 fuqaro yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar umumiy sonining 88,61 foizi, Xatamjon Abduraxmonovich Ketmonovga 669 ming 187 fuqaro yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar umumiy sonining 3,73 foizi, Narimon Majidovich Umarovga 619 ming 972 fuqaro yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar umumiy sonining 3,46 foizi ovoz bergan. 

Brifingda ayni paytda Markaziy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalari tomonidan taqdim etilgan protokol va boshqa hujjatlarni ko‘rib chiqayotgani ma’lum qilindi. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, ushbu hujjatlar, zarur bo‘lsa, ayrim uchastka saylov komissiyalari materiallarini Markaziy saylov komissiyasi yana bir marta sinchiklab tekshiradi va shundan so‘ng saylov natijasi bo‘yicha qaror qabul qiladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yakunlari to‘g‘risidagi axborot saylovdan keyin o‘n kundan kechiktirilmay, ya’ni 2016-yil 14-dekabrgacha Markaziy saylov komissiyasi tomonidan matbuotda e’lon qilinadi.