O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pekinga keldi

O‘ZBEKISTON PREZIDENTI SHAVKAT MIRZIYOYEV PEKINGA KELDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin taklifiga binoan 11-may kuni davlat tashrifi bilan Pekinga keldi. 

Ikki davlat bayroqlari bilan bezatilgan «Shoudu» xalqaro aeroportida oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Davlatimiz rahbarini Xitoy Xalq Respublikasining rasmiy shaxslari kutib oldi. 

Tashrifning asosiy voqealari 12-13-may kunlariga belgilangan. 

Davlatimiz rahbari Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Davlat Kengashi Bosh vaziri Li Ketsyan, Xalq vakillari Umumxitoy Majlisi Doimiy qo‘mitasi Raisi Chjan Detszyan va boshqa rahbarlar bilan uchrashadi. Muzokaralarda o‘zaro munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash va izchil rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama etiladi. Tomonlar mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashadilar. 

Prezidentimizning tashrifi davomida Xitoyning yetakchi kompaniya va firmalari vakillari bilan ham uchrashuvlar rejalashtirilgan. 

Oliy darajadagi muzokaralar yakuni bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilinishi, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida turli sohalardagi aloqalarni yanada rivojlantirishga doir hukumatlararo, idoralararo bitimlar va boshqa qator hujjatlar imzolanishi mo‘ljallangan. Tashrif doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida katta hajmdagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy shartnoma va bitimlar imzolanishi rejalashtirilgan. 

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-15-may kunlari Pekin shahrida o‘tadigan “Bir belbog‘, bir yo‘l” xalqaro forumida ham ishtirok etadi.