O‘zbekiston Prezidenti YeXHT Bosh kotibini qabul qildi

O‘ZBEKISTON PREZIDENTI YEXHT BOSH KOTIBINI QABUL QILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-noyabr kuni mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Bosh kotibi Tomas Gremingerni qabul qildi. 

Davlatimiz rahbari Shveytsariyaning atoqli diplomatini yuqori va mas’uliyatli lavozimga tayinlangani bilan qutlab, O‘zbekiston YeXHT bilan yanada faol hamkorlik qilish, Tashkilot mandatiga kiruvchi barcha masalalar bo‘yicha o‘zaro anglashuvni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini qayd etdi. 

YeXHT Bosh kotibining tashrifi hamda uning Samarqandda bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyadagi ishtiroki mamlakatimizda Tashkilot tomonidan O‘zbekistonda hayotning barcha jabhalarida ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlar, jumladan, demokratlashtirish jarayoni, inson huquqlari, erkinlik va manfaatlarini ta’minlash, investitsiya muhitini yaxshilash va amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning boshqa muhim jihatlariga bo‘lgan qiziqishning tasdig‘i sifatida baholanmoqda. 


yexht2.jpg

Tomas Greminger O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlar, jumladan, Afg‘oniston bilan aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha izchil va amaliy qadamlarini yuksak qadrlaydi. Yuqori martabali mehmon nufuzi va ishtirokchilari soni ko‘pligi bo‘yicha mislsiz bo‘lgan Samarqand forumi natijalari mintaqaviy hamkorlikka yangi sur’at berish, strategik jihatdan muhim mintaqada o‘zaro anglashuv va ishonch muhitini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi. 

Mehmon O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasining asosiy yo‘nalishlari YeXHTning xavfsizlik, iqtisodiy-ekologik va inson mezonlari bo‘yicha barcha maqsad va ustuvor yo‘nalishlari bilan to‘la hamohang ekanini alohida ta’kidladi. 

YeXHT va uning O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘zaro hamkorlikka, mamlakatimizda uzoq istiqbolga mo‘ljallangan islohotlar va o‘zgarishlarni amalga oshirish bo‘yicha tajriba almashish va ekspert ko‘magi ko‘rsatishga tayyor ekani bildirildi. 

Uchrashuvda YeXHT faoliyatiga oid boshqa masalalar, jumladan, mintaqaviy va xalqaro dolzarb muammolar ko‘rib chiqildi.