O‘zbekiston – Qirg‘iziston: istiqbol uchun yangi maqsadlar

O‘ZBEKISTON – QIRG‘IZISTON: ISTIQBOL UCHUN YANGI MAQSADLAR

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov joriy yil 13 – 14 dekabr kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi.

 

Shuni qayd etish joizki, Qirg‘izistonda 15 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan umumxalq saylovlarining yakunlari bo‘yicha davlatimiz rahbari S.Jeenbekovni mazkur mamlakatning oliy davlat lavozimiga saylangani munosabati bilan birinchilardan bo‘lib qutladi. O‘zbekiston yetakchisi o‘z tabriknomasida keyingi yil davomida erishilgan konstruktiv siyosiy muloqot hamda tomonlarning mavjud bo‘lgan masalalarni o‘zaro hurmat tamoyillari asosida va umumiy manfaatlarni hisobga olgan holda hal etishga sodiqligi yanada ravnaq topishiga ishonch bildirdi.

Darhaqiqat, ikki mamlakat rahbarlarining qat’iy irodasi hamda xalqlarimizning ko‘p asrlik do‘stlik rishtalarini mustahkamlashni davom ettirishga bo‘lgan intilishi tufayli 2017 yil O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda juda muhim va yodda qoladigan yil bo‘ldi. Xususan, ikki marotaba davlat tashrifi amalga oshirildi, ularning yakunlari bo‘yicha davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi, erishilgan kelishuvlarning o‘z vaqtida va to‘laqonli hayotga tadbiq etilishini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” qabul qilindi.

Bundan tashqari, 3 noyabr kuni mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev MDH Hukumat rahbarlari kengashining Toshkent shahrida o‘tgan navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun kelgan Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri Sapar Isoqovni qabul qildi. 8 noyabrda esa «Yevropa ittifoqi – Markaziy Osiyo» formatidagi davlatlar tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi uchrashuvida hamda Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferentsiyada ishtirok etish uchun Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev O‘zbekistonga keldi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston turli jabhalarda, ayniqsa, savdo-iqtisodiy sohada hali ishga solinmagan ulkan salohiyatlarga egadir. Ikki mamlakat yetakchilari Shavkat Mirziyoyev va Almazbek Atamboyev sentyabr va oktyabr oylari Bishkek hamda Toshkentda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida o‘zaro tovar aylanishi hajmlarini oshirish vazifasini qo‘ydilar. So‘nggi yil davomida ishbilarmon doiralar vakillari o‘rtasida o‘rnatilgan yangi aloqalar ham buning uchun qulay imkoniyatlarni yaratmoqda. 5 – 6 oktyabr kunlari Toshkentda o‘tkazilgan biznes-forum va ko‘rgazma ikki mamlakatning tadbirkorlari uchun so‘nggi yirik minbar bo‘ldi. Mazkur tadbirlarda respublikalarimiz davlat hamda jamoatchilik tashkilotlarining 500 nafardan ziyod rahbarlari, firma va kompaniyalar vakillari ishtirok etdilar.

Shuni ham qayd etish kerakki, umummintaqaviy hamkorlikning chuqurlashishidan davlatlarimiz birdek manfaatdordir. Masalan, tomonlar “O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy” transport yo‘lagini yaratish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi. Ikki mamlakat vakillari joriy yil 30 oktyabr – 3 noyabr kunlari  “Toshkent – Andijon – O‘sh – Irkishtom – Qoshg‘ar” transport yo‘lagi bo‘ylab ilk avtokarvonda ishtirok etdilar.

Bugungi kunda bizlar O‘zbekiston va Qirg‘izistonning chegaraoldi mintaqalari o‘rtasidagi hamkorlik kengayib borayotganiga ham guvoh bo‘lib turibmiz. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Hukumati o‘rtasida 2017 yil 5 sentyabrda Bishkek shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi chog‘ida imzolangan “Mintaqalararo hamkorlik to‘g‘risida”gi bitimning 2017 yil 21 noyabr kuni kuchga kirgani bu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Madaniy-gumanitar soha kuchli turtki olgan yana bir yo‘nalish bo‘ldi. So‘nggi ikki oy davomida ikki mamlakat aholisida bir-birining madaniyati, san’ati va tarixiga nisbatan katta qiziqishning mavjud ekanligini namoyon etgan qator tadbirlar o‘tkazildi. Masalan, 6 – 7 oktyabr kunlari Bishkek va O‘shda mamlakatimiz ijodiy jamoalari, san’at ustalari ishtirokida Qirg‘izistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi. 2018 yili respublikamizda xuddi shunday Qirg‘iziston madaniyati kunlari o‘tkaziladi. Ushbu tadbir mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganining 25 yilligiga bag‘ishlanadi.

O‘zbeklar zaminida bo‘lgani kabi Qirg‘izistonda ham xalqlarimizning buyuk farzandlari xotirasiga katta hurmat bajo keltiriladi. Masalan, 17 noyabr kuni Bishkekda O‘zbekistonning atoqli davlat arbobi va yozuvchisi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan “Ulug‘ siymo va zamon” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Bundan biroz ilgariroq, 18 oktyabrda Toshkentdagi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida qirg‘iz xalqining atoqli adibi Chingiz Aytmatov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ko‘rinib turganidek, 2017 yil O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar tarixida tom ma’noda muhim ahamiyat kasb etadigan yil bo‘lib qoldi. Shubha yo‘qki, Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Sooronbay Jeenbekovning bo‘lajak uchrashuvi ikki qardosh mamlakat va xalqlarning intilishlariga hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikning rivojlanishi va mustahkamlanishiga yangi turtki beradi. Rejalashtirilgan muzokaralar davlatlarimiz rahbarlariga dolzarb masalalarni muhokama etish, samarali aloqalarni yanada kengaytirish yo‘llarini belgilab olish imkoniyatini yaratadi.

 

G.Nurjonova,

“Jahon” AA