O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SHAVKAT MIRZIYOYEV JANOBI OLIYLARIGA

Janobi Oliylari! 

Siz bilan uchrashish men uchun katta sharaf bo‘ldi. Sizga, O‘zbekiston Respublikasi hukumati va xalqiga yaqinda mamlakatingizga tashrifim chog‘ida ko‘rsatilgan yuksak mehmondo‘stlik va samimiy qabul uchun chin dildan minnatdorlik izhor etaman. 
Uchrashuvimizda Siz bayon qilgan va Sizning tashabbusingiz bilan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi asosida O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha dasturingiz menda katta taassurot qoldirdi. Mazkur hujjat BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlari va 2030-yilgacha barqaror rivojlanish dasturi bilan hamohang bo‘lib, O‘zbekiston va Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun asos sifatida xizmat qilishi mumkin. Sizning qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni faollashtirish borasidagi sa’y-harakatlaringizni to‘la qo‘llab-quvvatlayman. BMT Sizning hukumatingizni umumiy maqsadlarimizga, jumladan, Barqaror taraqqiyot maqsadlarni amalga oshirish, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va preventiv diplomatiyani rivojlantirish borasidagi maqsadlarga erishish uchun qo‘llab-quvvatlashga tayyor. 
Siz va hukumatingizga BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazini to‘la qo‘llab-quvvatlayotganingiz va hamkorlik qilayotganingiz uchun samimiy minnatdorlik izhor etaman. 
Markaziy Osiyoga tashrifimning asosiy maqsadlaridan biri bo‘lgan Nukus va Mo‘ynoqqa borishimga ko‘maklashganingiz uchun alohida tashakkur bildiraman. Orol dengizi tezlik bilan qurib borayotgani meni qattiq tashvishga soldi va bu falokatdan aziyat chekayotgan aholi bilan uchrashuvdan g‘oyat ta’sirlandim. Ishontirib aytamanki, BMT Sizning ushbu fojia oqibatlarini bartaraf etish yo‘lidagi sa’y-harakatlaringizni bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor. 
Hukumatingiz tashrifim davomida keng logistik yordam ko‘rsatgani safarim muvaffaqiyatli o‘tishida muhim rol o‘ynadi. Buning uchun ham minnatdorlik izhor etaman. 
Buyuk ipak yo‘lining durdonalaridan bo‘lgan go‘zal Samarqandni yana bir bor ko‘rganimdan behad xursandman. Madaniyatlar chorrahasida joylashgan bu shaharning ko‘p asrlik tarixi va serqirra madaniyati bugun ham butun dunyo uchun namuna bo‘lib qolmoqda. 
O‘zbekiston Respublikasi BMT bilan ishonchli hamkorlik qilayotgani uchun tashakkur bildiraman va O‘zbekiston xalqining manfaati yo‘lida hamkorligimizni davom ettirishimizni sabrsizlik bilan kutaman. 
Janobi Oliylari, Sizga bo‘lgan yuksak hurmatimni qabul qilgaysiz. 

Samimiy va ezgu tilaklar bilan, 
 

Antoniu Guterrish,
BMT Bosh kotibi