O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Jizzax shahrida Sharof Rashidov haykalining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SHAVKAT MIRZIYOYEVNING JIZZAX SHAHRIDA SHAROF RASHIDOV HAYKALINING OCHILISHIGA BAG‘ISHLANGAN TANTANALI MAROSIMDAGI NUTQI

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar! 

Muhtaram mehmonlar! 

Qadrli Jizzax ahli! 

Bugun barchamiz jonajon Vatanimiz hayotidagi ulkan voqea munosabati bilan qadimiy va navqiron Jizzax shahrida to‘planib turibmiz. 

Shu kunlarda o‘zbek xalqining buyuk farzandi, atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi va benazir inson Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanmoqda. 

Ko‘p millatli xalqimiz bu ulug‘ insonning aziz nomini yod etib, uning o‘lmas xotirasiga chuqur hurmat va ehtirom bajo keltirmoqda. 

Sharof Rashidov o‘zining noyob aql-zakovati, boy bilim va tajribasi, mehnatsevarligi va kamtarligi, yuksak insoniy fazilatlari bilan nafaqat O‘zbekistonda, balki uzoq-yaqin o‘lkalarda ham katta obro‘-e’tibor qozongan edi. 

Bu ulug‘ inson, sobiq mustabid tuzum davrida turli tazyiq va sinovlarga bardosh berib, xalqimiz va millatimizga sadoqat bilan, halol va fidokorona xizmat qildi. 

Umrining so‘nggi daqiqalarida ham dalaga borib, zahmatkash o‘zbek dehqonlari orasida bo‘lganini barchamiz yaxshi bilamiz. 

Sharof Rashidov oddiy xalq orasidan chiqqan, haqiqiy yurtparvar rahbar edi. 

U kishi bir umr o‘zi kabi sodda va kamtarin odamlarga yelkadosh bo‘lib, ularning dardu tashvishlari bilan yashadi. Ularga xizmat qilishni o‘z hayotining ma’no-mazmuni deb bildi. 

Har qanday murakkab sharoitda ham xalqimiz manfaatini o‘ylab amalga oshirgan ana shunday savobli ishlarini el-yurtimiz hech qachon unutmaydi. 

Ming afsuski, hayot bu insonga shunday murakkab qismatni ravo ko‘rdiki, u yuragidagi barcha orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish, o‘z mehnatining hosilidan to‘la bahramand bo‘lish imkoniga ega bo‘lmadi. 

Aksincha, mustabid tuzum o‘ziga sadoqat bilan xizmat qilgan shunday ulug‘ insonni oxir-oqibatda turli tuhmat va malomatlarga duchor qildi. 

Sharof Rashidov vafot etishi bilan uning xotirasini xo‘rlab, qabrini ko‘chirdilar, oila a’zolari, qarindosh-urug‘larini, do‘stlari va shogirdlarini quvg‘in qildilar. “Paxta ishi”, “O‘zbek ishi”, “Rashidovchilik” degan bo‘hton gaplar bilan u kishining aziz nomini, butun xalqimizni yomonotliq qildilar. 

Faqatgina mustaqillik davriga kelib, Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov tomonidan tarixiy adolat tiklandi – Sharof Rashidovning pok nomi oqlandi va 75 yillik tavallud sanasi yurtimizda keng nishonlandi. 

Biz bugun yaqin tariximizda bo‘lgan ana shunday ayanchli voqealarni eslar ekanmiz, mustaqilligimizning qadr-qimmatini yanada teran anglab yetishimiz, uni har qanday yovuz kuchlardan himoya qilishga doimo tayyor turishimiz shart. 

Sharof Rashidov respublika rahbari sifatida zimmasidagi ulkan vazifalarga qaramasdan, o‘zi butun borlig‘i bilan sevgan adabiyotga hamisha sodiq qoldi. 

U o‘zining betakror iste’dodi bilan ezgu qadriyatlarni tarannum etgan roman va qissalar, she’r va dostonlar, publitsistik maqolalar yaratdi. 

Rus tilini mukammal egallagan, bu tilda badiiy asarlar yozish salohiyatiga ega bo‘lgan bu ulkan adib aynan o‘zbek tilida ijod qildi. Shu tariqa, o‘sha paytdagi murakkab ideologik tazyiqlarga qaramasdan, milliy adabiyotimiz, avvalambor, ona tilimiz rivojiga qo‘shgan katta hissasi har tomonlama ibratga munosibdir. 

Sharof Rashidovning “Ikki dil dostoni” degan go‘zal asarini hammamiz sevib o‘qiganmiz. Mening nazarimda, chinakam sevgi va sadoqat dostoni bo‘lmish bu asarda Sharof aka va u kishining mehribon rafiqasi, oqila va munis o‘zbek ayoli Xursanoy opaning ibratli hayoti va taqdiri mujassam bo‘lgandek tuyuladi. 

Haqiqatan ham, bu matonatli ayol umr bo‘yi Sharof Rashidov bilan hamnafas bo‘lib, hayotning barcha sinovlariga bardosh berib, eng og‘ir damlarda ham umr yo‘ldoshiga sodiq bo‘lib yashadi. Bunday bebaho fazilatlari bilan bu mushtipar opamiz xalqimiz o‘rtasida chinakam vafo va sadoqat timsoliga aylandi. 

Shu o‘rinda yana bir masalaga alohida to‘xtalib o‘tishni o‘rinli, deb bilaman: Sharof aka va Xursanoy opaning bergan ta’lim va tarbiyasi, shaxsiy namunasi tufayli ularning oilasi, farzandlari o‘z ota-onalariga munosib bo‘lib, el-yurtga fidoiyligi bilan bu qutlug‘ xonadon nomini doimo pok saqlab kelmoqda. Bunday xislatlar ko‘p millatli xalqimiz, yurtimizdagi barcha oilalar uchun har tomonlama o‘rnak va ibratga loyiq bo‘lgan ma’naviy hodisadir. 

Qadrli vatandoshlar! 

Hurmatli mehmonlar! 

Bugun biz o‘zbek xalqining buyuk farzandi Sharof Rashidovich Rashidovning xotirasiga hurmat bajo keltirar ekanmiz, uning nomi va hayoti Vatanimiz, xalqimiz tarixi bilan chambarchas bog‘liq ekaniga yana bir bor amin bo‘lmoqdamiz. 

Sharof Rashidovning murakkab, shu bilan birga, sharafli hayot yo‘lida o‘zbek xalqining XX asrdagi taqdiri o‘zining yorqin ifodasini topdi. 

Ulug‘ Vatan urushi boshlanishi bilan u birinchilar qatorida frontga otlandi va dushman bilan kurashda haqiqiy mardlik va qahramonlik ko‘rsatdi. Og‘ir yaralanganidan so‘ng O‘zbekistonga qaytib, bor kuch va g‘ayratini ayamasdan, turli lavozimlarda ishladi. 

Sharof Rashidov o‘ta mashaqqatli yillarda O‘zbekistonga qariyb chorak asr davomida rahbarlik qildi. Uning rahnamoligida respublikamiz iqtisodiy taraqqiyot, ilm-fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at sohalarida ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi. 

Minglab gektar qarovsiz yerlar o‘zlashtirildi. O‘zbekiston xaritasida yangi shahar va qishloqlar paydo bo‘ldi, yuzlab zavod va fabrikalar qurildi, bog‘u rog‘lar barpo etildi. 1966 yildagi ko‘plab vayronagarchiliklar keltirgan zilziladan so‘ng qisqa muddatda zamonaviy Toshkentning mustahkam poydevori yaratildi. 

Bugungi marosimda mamlakatimizning barcha hududlaridan Sharof Rashidov bilan uzoq yillar davomida birga ishlagan vakillar ishtirok etayotgani bu tadbirga alohida ruh va ma’no-mazmun bag‘ishlamoqda. Ularning orasida atoqli davlat va jamoat arboblari, olimlar, madaniyat va san’at namoyandalari borligini ta’kidlash lozim. 

Biz, shuningdek, Sharof Rashidovni yaxshi tanigan va yaqindan bilgan muhtaram mehmonlarimizni samimiy qutlashdan mamnunmiz. 

Bular uchuvchi-kosmonavtlar – vatandoshimiz Vladimir Jonibekov va Solijon Sharipov, taniqli seleksioner olim Ivan Kuzmin, Sharof Rashidov haqidagi qator kitoblar muallifi, yozuvchi Fyodor Razzoqov va boshqalardir. 

Qadrli mehmonlar, Sharof Rashidovning xotirasiga bo‘lgan hurmat va ehtiromingizni biz avvalo butun O‘zbekiston xalqiga bo‘lgan hurmat va ehtirom ifodasi sifatida qabul qilamiz. 

Barchangizga samimiy minnatdorlik bildirib, chin qalbimdan mustahkam sog‘lik, baxt va omad tilayman. 

Muhtaram yurtdoshlar! 

Bundan bir yil muqaddam xalqimizning xohish-istaklarini inobatga olib, Sharof Rashidovning 100 yillik tavallud to‘yini butun mamlakatimiz miqyosida keng nishonlash, u kishi tug‘ilib kamolga yetgan mana shu zaminda muhtasham yodgorlik majmuasini barpo etishga qaror qilgan edik. 

Shu asosda Jizzax tumaniga Sharof Rashidovning muborak nomi berilgani xalqimiz tomonidan katta xursandchilik bilan kutib olindi. 

O‘tgan qisqa vaqt davomida ushbu majmuada Jizzax ahli, butun respublikamizdan kelgan qo‘li gul ustalar, quruvchi va me’morlar, mutasaddi xodimlar sidqidildan mehnat qildilar. Natijada bu yodgorlik majmuasi tabarruk ziyoratgohga aylanganiga bugun barchamiz guvoh bo‘lib turibmiz. 

Fursatdan foydalanib, bu ezgu ishga munosib hissa qo‘shgan barcha-barcha yurtdoshlarimizga samimiy minnatdorlik bildiraman. 

Shular qatorida Sharof Rashidovning xotirasini abadiylashtirish, bu ulug‘ inson haqidagi tarixiy adolatni tiklash maqsadida yangi ilmiy va badiiy asarlar, maqola va xotiralar yozgan, spektakl va filmlar, haykallar yaratgan ijodkor ziyolilarimizga ham chin qalbimdan tashakkur izhor etaman. 

Ishonchim komil, bu go‘zal maskanga qadam qo‘ygan har bir odam, avvalambor, yoshlarimiz Sharof Rashidovning nurli siymosida mard va matonatli xalqimizga xos olijanob fazilatlarni ko‘rgandek bo‘ladi. 

Bu ulug‘ insonning betakror timsoli barchamizni Vatanni haqiqiy farzandlik mehri bilan sevishga, unga va o‘zbek xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga da’vat etib turadi. 

Aziz do‘stlar! 

Hammangiz yaxshi xabardorsiz, keyingi bir yil davomida yurtimizning turli hududlarida Ibrat domla, Ibroyim Yusupov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf singari ulug‘ adiblarimiz xotirasiga bag‘ishlab yodgorlik majmualari, ularning nomidagi ijod maktablari barpo etildi. 

Ana shunday ezgu ishlarimizning davomi sifatida kuni kecha Jizzax shahrida milliy adabiyotimizning ulkan namoyandalari – Hamid Olimjon va Zulfiya xotirasiga qo‘yilgan muazzam haykal ochildi. Ularning nomi bilan atalgan xiyobon, ijod maktabi va muzey o‘z ishini boshladi. 

Bor-yo‘g‘i o‘ttiz besh yil yashab, adabiyotimiz osmonida chaqmoqdek chaqnagan nodir iste’dod sohibi Hamid Olimjon va atoqli shoira Zulfiyaxonimning hayot va ijod yo‘li yosh avlodimiz uchun har jihatdan ibrat namunasidir. 

Ana shu ijod maskani yoshlarimiz, eng avvalo, munis va lobar qizlarimizning iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, ularni Zulfiyaxonim kabi vafodor, dono va oqila, o‘z yurtiga sadoqatli insonlar etib tarbiyalashda mustahkam zamin bo‘ladi. 

Bu ma’naviyat koshonasining eshiklari nafaqat Jizzax viloyati, balki butun mamlakatimiz yoshlari uchun ochiqdir. 

Bugungi marosimda ishtirok etayotgan siz, azizlardan bitta iltimosim bor: farzandlarimizni, ayniqsa, qizlarimizni mana shunday go‘zal maskanlarga ko‘proq olib kelsak, ularni adabiyot va san’atning sirli dunyosi bilan oshno etsak, o‘ylaymanki, nur ustiga nur bo‘lardi. 

Men ishonaman, ushbu taklifimni Jizzax ahli va butun xalqimiz albatta qo‘llab-quvvatlaydi. 

Qadrli vatandoshlar! 

Muqaddas kitoblarimizda, yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilik ekaniga alohida urg‘u beriladi. 

Sharof Rashidov umr bo‘yi o‘z xalqiga, barcha sof niyatli insonlarga yaxshilik qilib, ularni ulug‘ maqsadlar yo‘lida birlashtirib, ezgu ishlarga safarbar etib yashadi. 

Bu olijanob, donishmand va bag‘rikeng inson, qanday suronli sinovlarga duch kelgan bo‘lmasin, yuksak gumanistik g‘oyalarga doimo sodiq bo‘lib, xalqimiz qalbida yaxshi nom, so‘nmas xotira qoldirdi. 

Bugun Sharof Rashidovning yorqin xotirasiga ko‘rsatilayotgan cheksiz ehtirom, hurmat va izzat bu fikrimni yana bir bor yaqqol tasdiqlab turibdi. 

Muhtaram do‘stlar, qadrdonlar! 

Buyuk arbob, ulug‘ inson o‘zbek xalqining atoqli farzandi Sharof Rashidovning oxiratlari obod bo‘lsin! 

Aziz farzandlarining xotirasini ardoqlab, ruhlarini shod etib yashayotgan xalqimiz doimo omon bo‘lsin! 

Yurtimiz hamisha tinch, osmonimiz musaffo, el-yurtimiz farovon bo‘lsin! 

E’tiboringiz uchun rahmat.