O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida qator muhim hujjatlar imzolandi

O‘ZBEKISTON VA XITOY O‘RTASIDA QATOR MUHIM HUJJATLAR IMZOLANDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi doirasida siyosiy va iqtisodiy sohalarda muhim kelishuvlarga erishildi, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha qator hujjatlar imzolandi. 

Ikki davlat rahbarlarining kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuvidan so‘ng hujjat imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuvlarda o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, bunda ikki davlatning mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha pozitsiyasi bir xil yoki o‘xshashligi muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. 

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpin O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi Qo‘shma bayonotni imzoladilar. Hukumatlararo texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi, xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risidagi bitimlar, umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash sohasini asbob-uskunalar bilan jihozlashga doir loyihalarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi hukumatlararo notalar almashinuvi hamda veterinariya va o‘simliklar inspeksiyasi karantini sohasida Anglashuv memorandumi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’eklari o‘rtasidagi hamkorlikni rag‘barlantirish bo‘yicha Anglashuv memorandumi, qishloq xo‘jaligi sohasida 2018-2020-yillarga mo‘ljallangan idoralararo almashinuv hamkorlik rejasi kabi qator muhim hujjatlar imzolandi. 

Erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarini yanada rivojlantirish va ikki mamlakat xalqlarining farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.