O‘zbekistonning IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashiga raisligi yakunlari sarhisob qilindi

O‘ZBEKISTONNING IHT TASHQI ISHLAR VAZIRLARI KENGASHIGA RAISLIGI YAKUNLARI SARHISOB QILINDI

Toshkentda O‘zbekiston Respublikasining Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashiga raisi sifatidagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan matbuot brifingi bo‘lib o‘tdi. 

Brifingni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov boshqardi. 

O‘zbekiston raislikni 2016-yil 18-19-oktabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasida qabul qildi. Sessiyada a’zo-davlatlarning tashqi siyosat idoralari rahbarlari, tashkilot Bosh kotibi, Islom taraqqiyot banki guruhi direktori, IHTning yordamchi va ixtisoslashgan muassasalari rahbarlari, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya va Shveytsariyaning tashkilotdagi maxsus vakillari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Arab davlatlari ligasi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash singari xalqaro tuzilmalarning vakillari ishtirok etdi. 

Sessiya yakunlariga ko‘ra, 118 rezolutsiya, IHT kun tartibidagi asosiy siyosiy, huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar masalalar aks ettirilgan Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. 

Anjumanda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashiga O‘zbekistonning raisligi davrida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan ustuvor maqsadlarni belgilab berdi. Davlatimiz rahbari Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Toshkent islom universitetida Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkilotining (ISESCO) maxsus kafedrasini tashkil etish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdi. 

Mazkur ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda, shuningdek, IHT Nizomidagi tamoyil va vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston raisligi davomida tizimli ishlar amalga oshirildi. Vazirlar darajasidagi to‘rtta tadbir, tashkilot ijroiya qo‘mitasining uchta sessiyasi, Jidda, Nyu-York, Jeneva va Bryusselda o‘tkazilgan 16 ekspertlar majlisi, qator konferensiya va yig‘ilishlar IHT kun tartibi va faoliyatini sezilarli boyitdi. 

Davlatimiz rahbarining Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish borasidagi tashabbusi IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43- va 44-sessiyalarida barcha a’zo davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Toshkent islom universiteti huzurida ISESCO maxsus kafedrasini tashkil etish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. IHT maxsus muassasalari, xususan, Islom taraqqiyot banki bilan bu borada faol ishlar olib borilmoqda. Joriy yil may oyida mamlakatimiz hukumati va bank o‘rtasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi. Turkiya, Kuvayt, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Ummon, Pokiston, IHTning tuzilmaviy idoralari mazkur loyihani amalga oshirishda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi. 

Prezidentimiz boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi shu yil 21-may kuni ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan Arab-musulmon mamlakatlari va AQSh sammitida ishtirok etdi. Sammit musulmon dunyosining ekstremizm va terrorizmga qarshi turishda birdamligini tasdiqladi. O‘zbekiston Saudiya Arabistoni poytaxtida Ekstremistik g‘oyalarga qarshi global markaz tashkil etilishini qo‘llab-quvvatladi. 

O‘zbekiston xalqaro tashkilotlar doirasida o‘z faolligini oshirib bormoqda. Bu borada uning xalqaro maydondagi nufuzi tobora o‘sayotgani, erishayotgan yutuqlari, amalga oshirayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlari e’tirof etilayotganini kuzatish mumkin. IHT Bosh kotibi hamda boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari tomonidan Harakatlar strategiyasi va «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturi yuqori baholanmoqda. 

Inson huquqlari sohasida mamlakatimizda erishilayotgan yutuqlar xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinayotganini ta’kidlash joiz. Mamlakatimizning IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashiga raisligi davridagi amaliy tadbirlar samarasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy markazi direktori A.Saidov IHTning Inson huquqlari bo‘yicha doimiy qo‘mitasiga saylandi. 

IHTga a’zo davlatlar o‘rtasida ilmiy-texnikaviy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida 2016-yil 21-dekabr kuni Jiddada axborot vazirlari darajasidagi Islom konferensiyasining 11-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

BMT Xavfsizlik kengashida O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Yaqin Sharqdagi vaziyat bo‘yicha IHT pozitsiyasini bir necha bor tashkilot nomidan e’lon qildi. 

Madaniy-gumanitar yo‘nalishda tizimli ishlar amalga oshirildi. A’zo davlatlarda ayollar va oila muassasalari huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha vazirlar darajasidagi konferensiyaning 1-sessiyasini o‘tkazish yuzasidan Saudiya Arabistoni tashabbusi ma’qullandi. 

O‘zbekiston raislik davrida «Xalqaro islomiy fikh akademiyasining Ehson fondi» nizomi loyihasini hamda Bosh kotibiyat va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligini tartibga soluvchi Xartiyani ko‘rib chiqish bo‘yicha hukumatlararo ekspertlar guruhlarining majlislari bo‘lib o‘tdi. 

Joriy yilning 10-11-iyul kunlari Abidjan shahrida bo‘lib o‘tgan IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 44-sessiyasida O‘zbekiston o‘z raisligini rasman Kot-d'Ivuarga topshirdi. Yig‘ilish qatnashchilari tomonidan O‘zbekistonning raisligi davrida amalga oshirilgan ishlar yuqori baholandi.