Qirg‘iziston Prezidenti O‘zbekistonga keldi

QIRG‘IZISTON PREZIDENTI O‘ZBEKISTONGA KELDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooranbay Jeenbekov 13 dekabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi. 

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov kutib oldi. 

Oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi davlatlararo aloqalarning bugungi holati va yanada rivojlantirish istiqbollari, chegaraoldi hamkorlik masalalari, ayrim mintaqaviy va xalqaro muammolarni muhokama qilish rejalashtirilgan. 

Tashrif yakunlari bo‘yicha davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonoti, turli sohalardagi o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.