Qozog‘iston parlamenti delegatsiyasining uchrashuvlari

QOZOG‘ISTON PARLAMENTI DELEGATSIYASINING UCHRASHUVLARI

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasida 26-sentabr kuni Qozog‘iston Respublikasi parlamenti Senati Raisi Kasim-Jomart Tokayev boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev bilan uchrashuvda o‘zaro ishonch, manfaatdorlik va ochiq muloqotga asoslangan O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlari ikki davlat rahbarlarining muntazamlik kasb etgan uchrashuvlari natijasida sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlandi. 

Parlament delegatsiyasining ushbu tashrifi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil mart oyida Qozog‘istonga davlat tashrifi chog‘ida ikki mamlakat parlamentlari yuqori palatalari tomonidan imzolangan memorandum doirasida amalga oshirilmoqda. Tashrif dasturidan o‘rin olgan muzokara va uchrashuvlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qiladi. 

Uchrashuvda tomonlar parlamentlararo aloqalar, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov bilan suhbatda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida barcha tarmoqlarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. 

Ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi aloqalar faol rivojlanmoqda. Jumladan, parlamentlar vakillarining delegatsiya almashuvlari qonun chiqaruvchi organlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Tadbirda mehmonlarga O‘zbekistonning ikki palatali parlamenti faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berildi. Parlamentlararo hamkorlikka doir masalalar yuzasidan fikr almashildi. 

Qozog‘iston parlamenti delegatsiyasi Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi, poytaxtimizning diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi.