Shavkat Mirziyoyev: mahalla tinchlik-osoyishtalik, mehr-oqibat, tarbiya maskani bo‘lishi kerak

SHAVKAT MIRZIYOYEV: MAHALLA TINCHLIK-OSOYISHTALIK, MEHR-OQIBAT, TARBIYA MASKANI BO‘LISHI KERAK

Prezidentimiz 3-iyun kuni Andijon shahridagi “Yoyilma” mahalla fuqarolar yig‘iniga tashrif buyurdi. 

Davlatimiz rahbari mahalla hayoti bilan tanishib, odamlar bilan muloqot qildi. Mahalla fuqarolar yig‘ini guzari qurilishi loyihasi, hududda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Bu yerda mahalla raisi, kotib va maslahatchilar, profilaktika inspektori uchun alohida xizmat xonalari bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, kutubxona, mini market, qariyalar dam olish joyi, bolalar maydonchasi, favvora, trenajyor maydoni, sartaroshxona, "Go‘zallik saloni", novvoyxona qurilmoqda. 

Farzandlarimizni bolaligidan go‘zal xulqli, madaniyatli qilib tarbiyalashimiz lozim, dedi Prezidentimiz. Buning uchun munosib sharoit yaratishimiz kerak. Ular chiroyli, obod joylarda yashasa, ko‘p kitob o‘qisa, ma’naviy olami boy bo‘ladi, vatanparvar bo‘lib voyaga yetadi. 

Yoyilma mahallasidagi 60 dan ortiq ko‘p qavatli uyda 5 ming 800 dan ziyod turli millat vakillari istiqomat qiladi. Hududda 8 bolalar maydonchasi, mini-futbol, basketbol, futbol maydonlari bor. Mahalla atrofida 1 kollej, 1 umumta’lim maktabi, 2 maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Prezidentimiz mahalladagi ko‘p qavatli uylar, kollej, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari atrofini yanada obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi. Bunday obod mahallalarni ko‘paytirish kerakligini ta’kidladi. 

Davlatimiz rahbari mahalla profilaktika inspektori Farruh G‘aniyev xonadonida bo‘ldi.  

Profilaktika inspektorlarini mahallalar markazida xizmat uylari bilan ta’minlayotganimiz bejiz emas, dedi Shavkat Mirziyoyev. Profilaktika inspektori mahallada yashab, faollar bilan bamaslahat ish olib borsa, hududda ma’naviy muhit yaxshilanadi, jinoyat sodir etilmaydi. Bu aholining davlatga, kelajakka ishonchini oshiradi.