Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf xotirasiga ehtirom

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf xotirasiga ehtirom

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Chilonzor tumanida barpo etiladigan masjidga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi beriladigan bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishuvi jarayonida mazkur masjid maydoniga tashrif buyurdi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nafaqat yurtimizda, balki butun islom olamida tan olingan olim edi, dedi Shavkat Mirziyoyev. Hayotini muqaddas dinimiz arkonlarini o‘rganishga va targ‘ib etishga, xalqimiz, yoshlarimizni diniy ma’rifat ruhida tarbiyalashga bag‘ishladi.

Darhaqiqat, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 1989 yilda, juda qiyin va murakkab davrda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy bo‘ldi. Bu davr islomiy ilmlar, diniy qadriyat va an’analar qayta tiklangan davr sifatida tariximizda alohida o‘rin tutadi.

U kishi islom olamida ma’lum va mashhur bo‘lgan “Muxtasari Viqoya”, “Kifoya”, “Mazhablar – birlik ramzi”, “Mazhabsizlik – islom shariatiga tahdid soluvchi eng xatarli bid’at” kabi kitoblarni o‘zbek tilida sharhlab, o‘sha murakkab yillarda ko‘pdan-ko‘p behuda ixtiloflarning oldini olishga katta hissa qo‘shgan.

Muftiy vazifasida u kishi xalqaro miqyosda ham keng faoliyat yuritib, ko‘plab islom mamlakatlari bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishga erishgan.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf ham muftiy, ham sobiq Ittifoq Oliy kengashi deputati sifatida hukumatga musulmonlarning haq-huquqlarini hurmat qilish, ular uchun zarur sharoitlar yaratish masalalari ko‘tarilgan maxsus bayonnoma taqdim etgan.

Mustabid mafkura hukmron bo‘lgan o‘sha og‘ir zamonda bunday tashabbus bilan chiqish, hech shubhasiz, katta jasorat edi, dedi Prezidentimiz. Buning natijasida sho‘ro hukumatining musulmonlarga nisbatan siyosati o‘zgargan, masjid va madrasalar ochilgan, haj ziyoratiga boruvchilar ko‘paygan. 1990 yilda Markaziy Osiyo respublikalaridan 500 nafar musulmon Toshkent shahri orqali haj ziyoratiga borishga muvaffaq bo‘lgan edi. Agar o‘sha davrda butun sobiq Ittifoq bo‘yicha har yili bor-yo‘g‘i 20-30 kishi hajga borganini hisobga olganda, bu juda katta natija bo‘lgan.

U kishining dunyo musulmonlari o‘rtasidagi obro‘-e’tibori juda baland edi. Bu ulug‘ vatandoshimiz Butundunyo mutafakkir ulamolari yig‘inining Ijroiya qo‘mitasi a’zosi, Butunjahon musulmon ulamolari xalqaro uyushmasi, Butundunyo Islom uyushmasi kabi nufuzli tashkilotlarning, Iordaniya qirollik akademiyasining ham a’zosi edi. U kishi misr Arab Respublikasining “Nil lavri” oltin nishoniga sazovor bo‘lgandi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, zamonaviy O‘zbekiston tarixida islomiy ilmlar bo‘yicha hech kim bu darajada yuksak mavqega ko‘tarilmagan.

Bu ulug‘ alloma turli diniy-ma’rifiy mavzularda 100 dan ziyod kitoblar yozgan. Shayx hazratlarining hikmatga to‘la so‘zlari, suhbatlari, radio va televideniye, matbuot sahifalaridagi doimiy chiqishlari, ko‘plab kitoblari, jumladan, audiokitoblari orqali yurtimizdagi har bir xonadonga kirib borgan.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf o‘zining ilmi, so‘zi va ibratli amallari bilan ona Vatanga, dinimiz ravnaqiga chin dildan halol xizmat qilish bo‘yicha katta bir maktab yaratib ketdilar, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. U kishining ilm va hayot yo‘li, boy merosini o‘rganish va xalqimizga yetkazish – barchamizning burchimizdir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ushbu masjid loyihasi bilan tanishar ekan, uni yanada takomillashtirish, bunda xalqimiz va ulamolarning takliflarini ham o‘rganish zarurligini ta’kidladi.