Toshkent shahrida yo‘lovchi transporti qulayligi yanada oshiriladi

Toshkent shahrida yo‘lovchi transporti qulayligi yanada oshiriladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishmoqda.

Bugun poytaxtimiz ulkan qurilishlar maydoniga aylangan. Yangidan-yangi inshootlar, korxonalar, tibbiyot va ta’lim muassasalari, ravon yo‘llar, ko‘priklar barpo etilmoqda. Xususan, Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘nalishining ikkinchi bosqichi qurilmoqda.

Davlatimiz rahbari Yunusobod tumanida bo‘lib, bu yerdagi qurilish ishlari bilan tanishdi.

Metroning tonneli asosini yaratish maqsadida 305 metrda beton ishlari bajarilgan va 330 ta yig‘ma temir-beton konstruksiyalari o‘rnatilgan. Qurilishga 200 dan ortiq ishchi va muhandis jalb etilgan. Germaniya va Xitoydan zamonaviy texnika va mexanizmlar keltirilgan. Uzunligi 2,9 kilometrni tashkil etadigan ushbu yo‘nalishni 2019-yilda foydalanishga topshirish mo‘ljallangan.

Davlatimiz rahbari qurilish ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Barcha sa’y-harakatlardan maqsad odamlarga qulaylik yaratish, dedi Shavkat Mirziyoyev. Metropoliten va avtobuslar hamohangligini ta’minlash, bekatlarda yo‘lovchilar to‘planishini va harakatini monitoring qilish, tahlilllar asosida yo‘nalishlarni optimallashtirish, bu bo‘yicha har kuni ish olib borish zarur. Yo‘lovchilarni ko‘paytirish hisobidan yo‘l kirani arzonlashtirish choralarini ko‘rish kerak.

Shu yerda poytaxtimizda qurilayotgan yer usti metrosi bo‘yicha axborot berildi. Prezidentimiz ushbu metro qurilishini takomillashtirish, ilm asosida materiallar vaznini yengillashtirish, metro yo‘li ostidagi hududni obodonlashtirish, qo‘shimcha xizmatlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.