Deputatlar davlat byudjetining ijrosini ko‘rib chiqdilar

DEPUTATLAR DAVLAT BYUDJETINING IJROSINI KO‘RIB CHIQDILAR

24-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2016-yil to‘qqiz oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqdi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, soha ekspertlari, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining o‘rinbosari M.Mirzayev ma’ruza qildi.

Ta’kidlanganidek, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va tarkibiy o‘zgartirish, ishlab chiqarishga eng zamonaviy, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish orqali uni modernizatsiyalash jahonda milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda. Xususan, hisobot davrida mamlakat yalpi ichki mahsulotining (YaIM) o‘sishi 7,8 foizni tashkil etib, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 7,2 foizga o‘sdi. Inflatsiya darajasi prognoz ko‘rsatkichlaridan oshmadi. Bunda makroiqtisodiy barqarorlik yanada mustahkamlanib, tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi kuzatildi.

Chuqur o‘ylangan, puxta pul-kredit va soliq-byudjet siyosatining amalga oshirilganligi Davlat byudjeti daromad qismining prognoz ko‘rsatkichlariga nisbatan 100,2 foiz ijrosini ta’minlab, bu YaIMga nisbatan 21,7 foizni tashkil etdi. Davlat byudjetining xarajatlari YaIMga nisbatan 21,6 foizni tashkil etib, bu O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetini YaIMga nisbatan 0,1 foiz profitsit bilan bajarish imkonini berdi.

Muhokamalar davomida deputatlarning Davlat byudjeti ijrosi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan bergan savollariga hukumat vakillari atroflicha javob berdi.

Shundan so‘ng, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi A.Shodmonovning qo‘shimcha ma’ruzasi eshitildi.

Qayd etildiki, hisobot davrida joriy yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim vazifa va ustuvor yo‘nalishlari izchil amalga oshirilishi iqtisodiy ko‘rsatkichlarning yuqori o‘sish sur’atlarini saqlash va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash imkonini bergan. Davlat byudjeti mamlakatimiz parlamenti tomonidan tasdiqlangan parametrlarga muvofiq ijro etilgan.

Mamlakatimiz Davlat byudjetining 2016-yilning to‘qqiz oyidagi ijrosini har tomonlama muhokama qilish chog‘ida siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi vakillari nuqtai nazarlari va fikrlarini bayon qilib, byudjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish, byudjet tashkilotlarida moliyaviy intizomga amal qilish, davlat organlarining mamlakatimiz Byudjet kodeksiga rioya qilish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish yuzasidan tavsiyalarini berdi.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining quyi palatadagi fraksiyasi a’zolarimamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, xususiy mulkni himoya qilish va uning daxlsizligi kafolatlarini ta’minlash, shuningdek, investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga qaratilgan izchil islohotlar olib borilayotganligini alohida ta’kidladi.

Jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida mikrofirma va kichik korxonalarning ishlab chiqarish hajmlari o‘sdi va o‘z navbatida ular tomonidan to‘lanadigan yagona soliq to‘lovi miqdorining oshishiga zamin yaratildi. Mazkur daromad turi bo‘yicha tushumlar 1 trillion so‘mdan oshib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23,3 foizga o‘sgani e’tirof etildi.

Shuningdek, fraksiya a’zolari tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini jalb etishni yanada rag‘batlantirish, xususiy mulkni, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish uchun xomashyo resurslarini ochiq birja va yarmarka savdolarida sotish hajmini oshirish va shu orqali ularning xarid imkoniyatlarini yanada kengaytirish masalalari o‘rin oldi.

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari o‘z dasturiy maqsadlaridan kelib chiqqan holda eksport qiluvchi korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, eksportni diversifikatsiya qilish, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotish uchun yangi bozorlarni o‘zlashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning yuqori natijalarini alohida e’tirof etdi.

Shuningdek, fraksiya a’zolari tomonidan respublika byudjetidan mahalliy byudjetlarga ajratiladigan subvensiya ulushi 2015-yilning mos davriga nisbatan 2,5 bandga kamayganligi hamda mamlakatimizning turli hududlaridagi 14 ta tuman va shaharlar subvensiyadan chiqarilganligi partiyaning iqtisodiy sohadagi mamlakatimiz hududlarini o‘zaro uyg‘un rivojlantirish, mahalliy byudjetlar daromadlar bazasini mustahkamlash kabi vazifalariga to‘la mos kelayotganligi ta’kidlandi.

Fraksiya vakillari joylarda mahalliy byudjetlarning daromad qismini mustahkamlash, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan mavjud imkoniyat hamda salohiyatdan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasidan so‘zga chiqqanlar majlis ishtirokchilarining diqqatini aholini manzilli ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada rivojlantirish masalalari, shuningdek, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash dasturining amalga oshirilishiga qaratdi.

Xususan, ijtimoiy sohaga ajratilgan mablag‘lar hajmi yildan-yilga oshib, joriy yil 9 oyida Davlat byudjeti mablag‘larining qariyb 60 foizi yo‘naltirilgan.

Deputatlar markazda va joylarda davlat boshqaruvi organlarining, byudjet tashkilotlarining byudjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanilishini ta’minlash, moliyaviy intizomga rioya qilish, shuningdek, Byudjet kodeksi normalari va qoidalari ijro etilishi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish bo‘yicha mas’uliyatini oshirishga doir bir qator takliflar bildirdi.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari ta’lim tizimidagi islohotlarni chuqurlashtirish, ta’lim jarayoni darajasi hamda sifatini takomillashtirish va sog‘liqni saqlash tizimini yanada isloh qilish va rivojlantirishga yo‘naltirilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishiga alohida e’tibor qaratdi.

Xususan, ilmiy-texnika dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ilmiy-texnika loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan 92,4 milliard so‘m, innovatsion loyihalarga 15,7 milliard so‘m mablag‘lar mamlakatimizning ilmiy, ilmiy-texnik salohiyatini yanada rivojlantirishda, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish hamda ishlab chiqarishni texnik va texnologik qayta jihozlashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdi.

Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablag‘lardan joylarda oqilona va maqsadli foydalanilishi ustidan deputatlik va parlament nazoratini kuchaytirish zarurligini bildirdi.

O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi a’zolari ta’kidladilarki, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik muammolarni hal etish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, jumladan, ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholi salomatligini mustahkamlash, zamonaviy hamda toza texnologiyalarning keng joriy etilishiga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, deputatlar yo‘naltirilayotgan byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanilishini ta’minlagan holda, tabiatni muhofaza qilish tadbirlarining ijrosini ta’minlash va samaradorligini oshirishni, kelgusida oqova suv tozalash inshootlarini qurish, qayta ta’mirlash hamda chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash uchun mablag‘lar miqdorini qo‘paytirishni taklif qildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muhokama davomida bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni inobatga olgan holda, Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2016-yilning 9 oyligidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotini tasdiqlash haqida tegishli qaror qabul qildi.