Jahon hunarmandlari Qo‘qonda jam bo‘ldi
Ko‘hna va navqiron Qo‘qon shahrida xalqaro hunarmandchilik festivalining asosiy tadbirlari boshlandi. Anjumanda 100 dan ortiq davlatdan faxriy mehmonlar, mohir hunarmandlar, taniqli madaniyat arboblari, san’atshunos olimlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston xalq amaliy san’ati va hunarmandchilikning qadim an’ana va maktablari saqlanib qolgan mamlakat sifatida ham jahonga tanilgan. Yurtimizning deyarli barcha hududlarida o‘ziga xos hunarmandchilik maktablari shakllanib, avloddan-avlodga o‘tib kelayotir. Bugungi islohotlar soha rivoji uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Har bir hunarmandlik mahsuloti o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur anjuman hunarmandchilikni keng targ‘ib qilish, hunarmandchilik an’ana va maktablarini asrash, qayta tiklash, bu sohadagi ilmiy o‘rganish va izlanishlarni hamkorlikda amalga oshirish, o‘zaro tajriba almashish, iste’dodli hunarmandlarni rag‘batlantirish kabi ezgu maqsadlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Qo‘qon shahrida bayram shukuhi hukmron. Ertalabdan xorijiy mehmonlar shahar bo‘ylab qo‘llarida o‘z davlatlari, mahalliy aholi esa O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘targancha tantanali yurish boshladi. Turkiston ko‘chasidan Xudoyorxon o‘rdasi maydoni yo‘nalishida harakatlangan bayram ishtirokchilari minglab yurtdoshlarimiz tomonidan olqishlar bilan qarshi olindi. Qiziqchilar, jarchilar va xon saroyi a’yonlari libosini kiygan aktyorlar jamoasi ishtirokchilarga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi.
Xudoyorxon o‘rdasi festivalning asosiy maydoniga aylandi. Xalq sayllari, dorbozlarning chiqishlari, folklor jamoalari, viloyatlar madaniyat boshqarmalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturlari barchani bayramga chorlayotgandek go‘yo.
Xalqaro hunarmandchilik festivali doirasida “Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi hunarlarning onlayn-ensiklopediyasi (ATP). An’anaviy qo‘l mehnati buyumlari” loyihasining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Jahon hunarmandlar kengashining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha prezidenti Gada Kaddumi xonim ishtirok etgan tadbirda mazkur festival xalqaro miqyosdagi do‘stlik va hamjihatlik anjumani ekani ta’kidlandi.
Gada Kaddumi rahbarligida ishlab chiqilgan mazkur onlayn-ensiklopediyada Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi 50 davlatning hunarmandchiligi tarixi, o‘ziga xos jihatlari haqida ma’lumot berilgan. Gada Kaddumi xonimning ta’kidlashicha, ushbu loyiha madaniyatlararo muloqotni mustahkamlash, xalqlarni bir-biriga tanitish, shu tariqa do‘stlik, hamjihatlik va tinchlik o‘rnatilishiga xizmat qiladi.
Festival doirasida o‘tkazilayotgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar xorijlik mehmonlarda katta taassurot qoldirmoqda.
Amerika Qo‘shma Shtatlaridan kelgan faxriy mehmon Lopes Kerolayn Robertson xonim festival haqidagi ilk taassurotlarini so‘zlab berdi.
– Erta tongdan qadim shahar ko‘chalarida minglab odamlarning quvonchu shodiyonasiga guvoh bo‘ldim, – deydi u. – Ayniqsa, milliy libosi o‘ziga yarashib turgan o‘zbek ayollariga havasim keldi. Karnay-surnay, doira sadolariga befarq qarab bo‘lmaydi, biz ham raqsga qo‘shildik. O‘zbekiston men uchun qadrdon yurt. Ishonasizmi, negadir yuragim shu zaminga talpinaveradi. Xalqingizga xos mehmondo‘stlik, o‘zgacha lutf meni o‘ziga maftun etadi, sababi, bunaqasini boshqa hech qayerda uchratmaysiz. Yurtingiz san’at, madaniyat va hunarmandchilikda azaldan boy merosga ega bo‘lib, bugun ham qadriyat va an’analar avloddan avlodga o‘tib kelayotgani tahsinga loyiq. Men turli osori-atiqalar, hunarmandchilik mahsulotlarini to‘plashni yaxshi ko‘raman. Uyimdagi shaxsiy kolleksiyada O‘zbekistonning sopol mahsulotlari, gilamlar, so‘zana, adras, yog‘och o‘ymakorligi namunalari bor. Qo‘l mehnati bilan yaratilgan bu mahsulotlar chinakam mo‘’jizadir. Bu festivalga kelganimdan juda xursandman. Tanish, qadrdon chehralarni ko‘ryapman. Hali men bilmagan hunar va mahsulotlar ko‘p ekan. Dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan hunarmandlarni taklif qilib, shunday tadbir o‘tkazayotgan O‘zbekistonning ezgu tashabbuslarini xalqaro hamjamiyat ham munosib qadrlaydi.
Hunarmandchilikka oid turli ko‘rgazmalar, tasviriy va amaliy san’at asarlari, qadimiy hunarmandchilik dastgohlari, mahsulotlarni yaratish jarayoni, sohaga oid badiiy va hujjatli filmlar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyishi, badiiy dasturlar tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishlaydi.
O‘rda maydonida yurtimizning barcha hududlari, qo‘shni mamlakatlar va uzoq xorijdan tashrif buyurgan yuzlab hunarmandlar, soha mutaxassislari, madaniyat va san’at sohasi fidoyilarini uchratish mumkin. Suhbatdoshlarning barchasida bayramona kayfiyat.
– Yigirmadan ziyod hunarmand o‘zlarining yuzlab asarlarini namoyish etish uchun olib keldi, – deydi Tojikiston delegatsiyasi rahbari Qahramon Jo‘rayev. – Tojikistonlik hunarmandlar orasida pichoqchilik yo‘nalishida 300 yildan buyon nom qozonib kelgan ustazodalar avlodi bor. Ana shunday kasbni davom ettirib kelayotgan pichoqchilarning oltinchi avlodi Ibrohim Mirzayev 18 yoshidan buyon pichoqchilik bilan shug‘ullanadi. U farzandlariga zargarlik, yog‘och o‘ymakorligi hunarini ham o‘rgatgan. Ustazodalarning yettinchi avlodi ko‘p qirrali hunarmand bo‘lishni xohlaydi.
Fayzli maydon bo‘ylab aylanar ekansiz, yurtimiz hududlariga xos bo‘lgan milliy hunarmandchilik namunalari, qadriyat va an’analar bilan yuzma-yuz bo‘lasiz.
“Hunarmandchilik va xalq amaliy san’atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada 30 dan ziyod xorijiy davlatdan olimlar, mutaxassislar, martabali faxriy mehmonlar, madaniyat va turizm sohasi namoyandalari, yurtimizda va xorijda faoliyat ko‘rsatayotgan hunarmandchilik va amaliy san’at yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, talabalar, san’atshunoslar, muzeyshunoslar, hunarmandlar ishtirok etmoqda.
Festival davom etmoqda.
O‘zA