BMT Bosh kotibining maxsus vakili bilan uchrashuv
2019-yilning 19-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov BMT Bosh kotibining yo‘l harakati xavfsizligi masalalari bo‘yicha maxsus vakili Jan Todtni qabul qildi.
Vazir mehmonni qutlar ekan, uning BMT Bosh kotibining yo‘l harakati xavfsizligi masalalari bo‘yicha ilk vakili sifatidagi faoliyatini va mazkur yo‘nalishdagi global sheriklikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.
Bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida barqaror transport infratuzilmasini yaratish, yo‘l harakati xavfsizligi sohasi qonunchiligini va huquqni qo‘llash tizimini takomillashtirish kabi muhim jabhalardagi hamkorlikning istiqbollari muhokama qilindi.
Shu o’rinda O‘zbekiston tomoni BMTning yo‘l harakati sohasidagi loyihalarni moliyalashtirishga yo’naltirish va ularni amalga oshirishga yo‘naltirilgan Trast fondi tuzilishini qo‘llab-quvvatladi, Fond doirasidagi amaliy hamkorlikka qiziqish bildirdi.