Oʻzbekiston Prezidenti Turkiya savdo palatalari va tovar birjalari ittifoqi raisini qabul qildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 4-oktabr kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Turkiya savdo palatalari va tovar birjalari raisi Mustafo Rifat Hisorjiqli oʻgʻlini qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, keyingi yillarda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi doʻstlik, sheriklik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlari sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarilganini mamnuniyat bilan taʼkidladi.
2017-yilning kuzida Turkiyada va oʻtgan yilning bahorida Oʻzbekistonda davlat tashriflari doirasida boʻlib oʻtgan oliy darajadagi samarali muzokaralar konstruktiv siyosiy muloqot va amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qilgani alohida qayd etildi.
Erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni keng koʻlamda amalga oshirish, savdo, innovatsiyalar, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, transport, turizm, toʻqimachilik va oziq-ovqat sanoati, boshqa tarmoqlarda qoʻshma loyihalarni faol ilgari surish muhimligi taʼkidlandi.
Uchrashuvda Rifat Hisorjiqli oʻgʻli samimiy qabul uchun Oʻzbekiston rahbariga chuqur minnatdorlik bildirdi hamda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻanning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Keyingi yillarda 750 dan ziyod qoʻshma korxona tashkil etilgani, shuningdek, oʻzaro savdo hajmi ikki barobar ortgani Turkiya biznesining Oʻzbekiston bozoriga chiqishdan manfaatdorligi ortib, ishbilarmonlik aloqalari mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.
Rifat Hisorjiqli oʻgʻli Turkiya ishbilarmon doiralari vakillari - Savdo palatalari va tovar birjalari ittifoqi aʼzolari ustuvor loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyor ekanliklari hamda bu masalalarni oʻzbekistonlik sheriklar bilan Toshkentda boʻlib oʻtadigan Turkiy tilli davlatlarning birinchi Investitsiya forumi va Ishbilarmonlar kengashi majlisida muhokama qilishni rejalashtirganini taʼkidladi.
Uchrashuv soʻngida mehmon Oʻzbekiston-Turkiya doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash maqsadida uzoq muddatli ishbilarmonlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish va amaliy hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashish borasida qatʼiy ekinini tasdiqladi.
O‘zA