“Elektron hukumat” tizimi ma’lumotlarini saqlash va qayta ishlash yagona markazi ochildi
Mamlakatimiz mustaqilligi bayrami yaxshi yangiliklar bilan, ko‘tarinki kayfiyatda kutib olinmoqda. Joylarda yangi inshootlar, markazlar ishga tushirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni Toshkent viloyati va poytaxtimizdagi shunday majmualar bilan tanishdi.
Ulardan biri - Zangiota tumanida qurilgan “Elektron hukumat” tizimi ma’lumotlarini saqlash va qayta ishlash yagona markazi.
Mamlakatimizda barcha sohalarni raqamlashtirish, xizmatlarni odamlarga qulaylashtirish choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, yurtimiz masofaviy xizmatlar eksporti bo‘yicha o‘ziga xos mintaqaviy xabga aylanib bormoqda. Bu xalqaro talablarga mos Datamarkaz tashkil qilishni zaruratga aylantirdi.
Shu bois “Raqamli O‘zbekiston - 2030” strategiyasi doirasida O‘zbekistonda ilk bor katta hajmdagi ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazi barpo etildi. Davlatimiz rahbari bu yerda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Markazda Xitoyning Huawei kompaniyasi bilan hamkorlikda 20 peta bayt xotiraga ega tizim tashkil etilgan. 580 ta server, umumiy elektr quvvati 5 megavattli dizel generatorlar tizimning uzluksiz ishlashini ta’minlaydi. Binoni sovutish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash tarmoqlari ham barcha talablarga javob beradi. Umuman, Ma’lumotlar markazi xalqaro “Uptime” instituti tomonidan beriladigan TIER III sertifikatiga ega.
- Bu markaz raqamlashtirishning “yuragi”, “Elektron hukumat”ning zamini, - dedi Prezident.
Mazkur markaz ishga tushishi natijasida davlat idoralarining ma’lumotlarni saqlash va texnik qo‘llab-quvvatlashga sarflaydigan milliardlab harajatlari tejaladi, aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yaxshilanadi. Eng asosiysi, kiberhujumlardan ishonchli himoya ta’minlanadi.