Vengriya Tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv
2019-yil 14-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Boku shahrida Vengriya Tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri Peter Siyarto bilan uchrashdi. Vengriya Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashida (Turkiy kengash) kuzatuvchi-davlat maqomiga ega.
Turkiy kengashga a’zo davlatlar tashqi siyosat idoralari rahbarlari Kengashi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Ozarbayjon poytaxtiga kelgan vazirlar O‘zbekistonning tashkilotga kirishi ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishini ta’kidladilar.
Uchrashuvda umumiy kun tartibi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, moliya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi, shuningdek xalqaro maydondagi, jumladan O‘zbekiston – Yevroittifoq, Vishegrad guruhi + Markaziy Osiyo va boshqa shakllaridagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha batafsil fikr almashildi.
Turli sohalardagi O‘zbekiston – Vengriya munosabatlarini rivojlantirish doirasida navbatdagi qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi.