Qurilish loyihalari bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Dastlab Olimpiya shaharchasi bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Bu majmua 2025-yilda Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlarini qabul qiladi. Xalqaro talablarga muvofiq, shaharchada olimpiya stadioni, yopiq sport majmualari, suv sporti saroyi, mashg‘ulot maydonchalari, eshkak eshish havzasi barpo etiladi.
Avvalgi taqdimotda Prezident bu sport majmualari xalqimizga mulk bo‘lib qolishini, ularni sifatli qilib qurish zarurligini aytgan edi. Shu bois loyihalash va keyinchalik qurilish jarayonlariga sohada katta tajribaga ega chet el kompaniyalari jalb etiladi.
Davlatimiz rahbari sport majmualarining universal bo‘lishi muhimligini ta’kidladi. Stadion va binolarning tepasida quyosh panellari o‘rnatib, energiyani tejash, bo‘sh maydonlarda ko‘proq daraxtlar ekish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Taqdimotda “Yangi O‘zbekiston” universiteti loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Buning uchun poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidan joy ajratilib, o‘quv binolari, ma’muriyat, o‘qituvchilar va talabalar uchun yotoqxonalar, oshxona, kutubxona, laboratoriya, sport majmuasi qurilishi loyihalashtirilgan.
Hozir bu hududda Prezident maktabi bor. Kelgusida Prezident ta’lim muassasalari agentligi ham shu yerda joylashadi. Shu tariqa, hudud ta’limga ixtisoslashgan yaxlit majmua bo‘ladi.
– Ixtisoslashtirilgan maktablar – bizning zaminimiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Ularda bolalarimiz bilimli, barkamol bo‘lib voyaga yetadi. Universitet bu tizimning davomi bo‘lib, mamlakatimiz uchun kerakli, zamonaviy mutaxassislar tayyorlaydi. Shuning uchun bu yerda barcha shart-sharoit, ilg‘or metodika bo‘lishi kerak.
Davlatimiz rahbari bunyodkorlik ishlariga ko‘proq mahalliy quruvchilarni jalb etish zarurligini ta’kidladi.
Taqdimotda ko‘rsatilgan navbatdagi loyiha ham yoshlar kamolotiga qaratilgan. Unga ko‘ra, mahallalarda stadion, o‘yin maydonchalari, kutubxona, kompyuterxona, oshxona, hammom va boshqalarni o‘z ichiga olgan markazlar barpo etish ko‘zda tutilgan.
Prezidentimiz ko‘rsatmasiga muvofiq, aholi bilan maslahatlashilib, avvalo, bunday markazlar quriladigan joylar aniqlandi. Bugungi kungacha 171 ta mahallada sport maydonchalari qurilishi boshlanib, ulardan 64 tasi foydalanishga topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 11-apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bunga hamohang bo‘ldi. Mazkur qarorga muvofiq o‘tkazilgan “Besh tashabbus” olimpiadasining sport musobaqalarida 279 ta mahalla g‘olib va sovrindor bo‘lgan edi. Sportsevar yoshlarga ham mukofot, ham rag‘bat sifatida, ushbu mahallalarda 3 xil – universal, stritbol va vorkaut majmualari quriladi.
Bundan tashqari, sport infratuzilmasi yo‘q yana 208 ta mahallada ham stritbol va vorkaut maydonlari tashkil etiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yili dekabrda Koreya Respublikasiga davlat tashrifi juda samarali bo‘lgan edi. Shundan so‘ng, Toshkentda tibbiyot klasteri tashkil etish loyihasi ham jadallashdi. Unga ko‘ra, Koreyaning Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik fondi (EDCF) ko‘magida kattalar uchun tibbiyot markazi, onkologiya shifoxonasi va oliy o‘quv yurti qurilishi rejalashtirilgan.
Bu uchta majmua hozirgi Bolalar tibbiyot markazi bilan birga yaxlit klaster hosil qiladi. Unda o‘qitish va davolash bo‘yicha Koreya tajribasiga asoslangan ilg‘or tizim yo‘lga qo‘yiladi. Shifoxonalar jami 900 bemor o‘rniga ega bo‘ladi. Qurilish ishlari 2023-yilda boshlanadi.
Davlatimiz rahbari loyiha bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.