O‘zbekiston madaniyat kunlari Tojikistonda
11-15 noyabr kunlari Tojikistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazilmoqda. Kuni kecha O‘zbekiston delegatsiyasini Dushanbe xalqaro aeroportida Tojikiston jamoatchilik vakillari, madaniyat va san’at namoyandalari tantanali kutib oldi.
12 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri Shamsiddin Orumbekzoda bilan uchrashdi. Unda madaniyat va san’atni rivojlantirish borasidagi rejalar muhokama qilindi.
Ikki tomonlama hamkorlikning asosiy mavzusi ikki davlatning ehtiyojiga ko‘ra, madaniyat yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim sifatini oshirish, balet va opera sohasiga tajribali mutaxassislarni jalb qilish, teatr gastrollarini tashkil etish, maqomni targ‘ib etish haqida bo‘lib, zarur masalalar kelishib olindi.
O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida matbuot anjumani ham o‘tkazildi.
Jurnalistlar o‘zbek san’atkorlarining ijodini tojikistonlik muxlislar astoydil qadrlashini e’tirof etdi. Ta’kidlanishicha, Tojikiston xalqi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Navo” telekanalini kuzatib boradi. Matbuot anjumanida “Ovozi tojik” radiosining o‘zbek muxbiri tomonidan berilgan taklif – ikki xalq do‘stligi to‘g‘risidagi kitobni chop etish tashabbusini O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.Sayfullayev qo‘llab-quvvatladi.
Matbuot anjumanida Prezidentlarimiz sa’y-harakati asosida barcha yo‘nalishdagi tashkil etilayotgan hamkorliklar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni tobora mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi. Ayniqsa, 2017-yildan buyon madaniyat kunlari ikki davlatda har yili o‘tkazilayotgani alohida tahsinga loyiqdir.
Tojikistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida rang-barang tadbirlar, musiqiy dasturlar, ko‘rgazmalar, ijodiy muloqotlar, mahorat saboqlari, uchrashuv va anjumanlar bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zA