Hindistonda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari muddatidan oldin ovoz berishni boshladilar
2019-yilning 13-dekabr kuni soat 8.00 da Haydarobod shahrida 22-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovda muddatidan oldin ovoz berish boshlandi.
Mamlakatimizning Hindistondagi Elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, Telangana shtatining universitetlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar Haydarobod shahridagi saylov uchastkasiga keldilar va muddatidan oldin ovoz berishda ishtirok etdilar. Ular saylovda ishtirok etishlari uchun yaratilgan qulay sharoitlar uchun minnatdorchilik izhor etdilar.
Muddatidan oldin ovoz berish jarayoni 14-dekabr kuni Pune shahrida davom etadi. 15-dekabr kuni O‘zbekiston talabalari tahsil oladigan Bangalor shahrida ovoz berish bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, muddatidan oldin ovoz berishni istagan respublika fuqarolari buni O‘zbekistonning Dehli shahridagi Elchixonasida ham amalga oshirishlari mumkin.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazish bo‘yicha 141-sonli Temiryo‘lchi saylov okrugiga biriktirilgan 15-saylov uchastkasi Elchixona manzilida joylashgan: EP-40, Dr. Radhakrishnan Marg, Chanakyapuri, Dehli - 110 021.