Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga yangi yil tabrigi
Aziz vatandoshlar!
Mana shu quvonchli lahzalarda siz, azizlarni, koʻp millatli butun xalqimizni Yangi yil bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt tilayman!
Oʻtib borayotgan yil mamlakatimiz uchun unutilmas voqealarga boy boʻldi. Turli qiyinchilik va sinovlarni ham boshimizdan kechirdik.
Xalqimizning fidokorona mehnati bilan “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da ulkan yutuqlarga erishdik. Mamlakatimiz salohiyati va raqobatbardoshligini oshirish yoʻlida yangi qadamlar qoʻyildi.
Iqtisodiyotimizning yetakchi soha va tarmoqlari jadal rivojlanmoqda. Yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy korxonalar, yangi transport tizimlari ishga tushirilmoqda.
Mirishkor dehqon va fermerlarimiz, murakkab ob-havo sharoitiga qaramasdan, moʻl hosil yetishtirdilar.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng yoʻl ochildi.
Yil davomida hududlarda aholi, ayniqsa, yoshlarimiz, xotin-qizlar uchun koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Davlat dasturlari asosida shahar va qishloqlarimiz, yurtimiz qiyofasi butunlay oʻzgarmoqda.
2019-yilda ming-minglab yurtdoshlarimiz, jumladan, kam taʼminlangan oilalar shinam uy-joylarga ega boʻldilar.
Ilm-fan, taʼlim va tarbiya sohasida tub burilish davri boshlandi.
Yangi-yangi bogʻcha va maktablar, oliy oʻquv yurtlari, yetakchi xorijiy universitetlarning filiallari, shifoxonalar, madaniyat va sport maskanlari bunyod etilmoqda.
Eng muhimi, odamlarimizning hayot darajasi, Vatan taqdiriga daxldorlik tuygʻusi, ertangi kunga ishonchi tobora kuchaymoqda.
Jamiyatimizda demokratiya tamoyillari, ochiqlik va erkinlik muhiti chuqur qaror topmoqda.
Kuni kecha Oliy Majlis va mahalliy Kengashlarga boʻlib oʻtgan saylovlar buni yaqqol tasdiqladi. Saylovlar Oʻzbekiston demokratik taraqqiyot yoʻlidan ortga qaytmasligini yana bir bor isbotladi.
Mustaqilligimiz, osoyishta hayotimiz kafolati boʻlgan Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyati mustahkamlanmoqda.
Tinchliksevar va amaliy tashqi siyosat olib borayotgan davlatimizning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori ortib bormoqda.
Muxtasar aytganda, 2019-yil yangi Oʻzbekiston tarixida har tomonlama yorqin iz qoldirmoqda.
Hurmatli yurtdoshlar!
Biz milliy yuksalishning muhim bosqichiga qadam qoʻymoqdamiz.
2020-yilda ham iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda keng koʻlamli islohotlarimizni faol davom ettiramiz.
Xususiy mulk, tadbirkorlik va biznes uchun yanada qulay muhit yaratishga, yangi ish oʻrinlari tashkil etishga alohida ahamiyat qaratamiz. Ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalarni, aholi real daromadlarini koʻpaytirish eʼtiborimiz markazida boʻladi.
Odamlarimizning yashash sharoitini, kommunal-maishiy xizmat sifatini yaxshilash, arzon va qulay uy-joylar qurish boʻyicha boshlagan ishlarimizni yanada kengaytiramiz.
Farzandlarimizga munosib taʼlim va tarbiya berishga, ularning qobiliyat va isteʼdodini roʻyobga chiqarishga barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Aholi salomatligini mustahkamlash, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishga qaratilgan ishlarimiz yangi bosqichga koʻtariladi.
Nuroniy faxriylarimiz, munis opa-singillarimizga eʼtibor va gʻamxoʻrlikni yanada kuchaytiramiz.
Ijtimoiy himoya va koʻmakka muhtoj yurtdoshlarimizni doimiy qoʻllab-quvvatlashga birinchi darajali ahamiyat beramiz.
Tinchlik va barqarorlikni, jamiyatimizda oʻzaro hurmat va ahillikni mustahkamlash asosiy vazifamiz boʻlib qoladi.
Bu borada dunyo hamjamiyati, avvalo, yon qoʻshnilarimiz bilan samarali hamkorlikni har tomonlama kuchaytiramiz.
Aziz yurtdoshlarim, qadrdonlarim!
2020-yil har bir oila, har qaysi xonadonga qut-baraka, baxt va omad olib kelsin!
Barcha ezgu maqsadlarimiz roʻyobga chiqsin!
Jonajon Oʻzbekistonimiz gullab-yashnasin!
Yangi yil barchamizga muborak boʻlsin!
Shavkat MIRZIYOYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti