Hindiston Tashqi ishlar vaziri bilan telefon orqali muloqot to‘g‘risida
2020-yilning 8-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning Hindiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Subrahmanyam Jayshankar bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Suhbat davomida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Hindiston hamkorligining hozirgi holati va kengaytirish istiqbollari, ba’zi xalqaro va mintaqaviy masalalar muhokama qilindi.
Vazirlar tomonidan oliy va yuqori darajalardagi bo‘lajak uchrashuvlar jadvali ko‘rib chiqildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Narendra Modi o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro ishonchga asoslangan ikki mamlakatning strategik sherikligini yanada mustahkamlashga tomonlar alohida ahamiyat berishi qayd etildi.
Suhbat chog‘ida koronavirus tarqalishiga qarshi kurashda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi. Shu nuqtayi nazardan pandemiyaning salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
COVID-19 koronavirusi tarqalishi sababli kiritilgan vaqtinchalik cheklovlar doirasida vazirlar ikki tomonlama munosabatlarning joriy masalalarini muhokama qilish uchun o‘zaro hamkorlikning yangi shakllaridan faol foydalanish zarurligini ta’kidladilar.
Tashqi siyosat idoralari rahbarlari Afg‘onistondagi hozirgi vaziyatni ham ko‘rib chiqdilar. Vazirlar Afg‘onistonda tinchlik, milliy totuvlik va iqtisodiy tiklanishni ta’minlashga erishish borasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga kelishib oldilar.
Suhbat chog‘ida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.