Korxona qoʻllab-quvvatlanib, klasterga aylantiriladi
Bugun davlatimiz iqtisodiy siyosatining asosiy mohiyati – mahalliylashtirish, raqobat, ish oʻrni, daromad. Har bir korxonani tashkil etishga shu nuqtayi nazardan yondashilmoqda.
Fargʻona tumanida ishga tushirilgan “Ekokerama” masʼuliyati cheklangan jamiyat ham shunday.
Bu yerga tashrif chogʻida Prezident Shavkat Mirziyoyev yurtimiz foydali qazilmalarga boyligi, lekin ular asosida tayyorlanadigan materiallar katta miqdorda chetdan keltirilayotganiga eʼtibor qaratdi.
Masalan, Andijon viloyatida kalsit, Samarqandda kvars, Toshkent viloyatida kaolin, Qashqadaryoda dala shpati va Fargʻonada dolomit xomashyosi bor. Lekin yiliga qariyb 650 ming dona santexnika tovarlari import qilib kelingan.
- Shuncha imkoniyat boʻla turib, biz kimni boqyapmiz? Xalqimizni boqsak boʻlmaydimi? - deya haqli savol qoʻydi Prezident. - Mamlakatimizning har bir qarich yeri, har bir boyligi aholi jon boshiga daromadni koʻpaytirishga xizmat qilishi kerak.
“Ekokerama” yiliga 500 ming dona 20 turdagi santexnika mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Yaʼni, importning aksariyat qismi oʻrnini toʻldiradi. Bundan tashqari, mintaqamiz davlatlarida 50 million dollarlik bozor bor. Korxona quvvatini oshirib, mahsulotlarning 60 foizini eksportga yoʻnaltirish rejalashtirilgan. 100 foiz mahalliy xomashyodan foydalanilishi hamda energiya tejovchi texnologiyalar qoʻllanilishi sababli “Ekokerama” mahsulotlari xorijiy muqobillariga nisbatan arzon boʻladi.
Korxonaning loyiha qiymati 15 million dollar. Jumladan, 11 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya jalb etilgan. Hozirda 500 kishi ish bilan taʼminlanib, test rejimida dastlabki buyumlar tayyorlangan.
Davlatimiz rahbari bu korxonani klasterga aylantirish, karyerlar ajratib berib, kamida 30 yillik xomashyo zaxirasi bilan taʼminlash zarurligini taʼkidladi. Korxonaga mahsulotlarini sotishda koʻmaklashish, xususan, qurilish materiallari bozorlarida doʻkonlarini tashkil etish, davlat tomonidan qurilayotgan obyektlarda bu santexnika buyumlaridan foydalanish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Oʻz navbatida, kompaniya rahbariyatiga mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish, boshqa viloyatlarda ham shunday korxonalar ochib, yana-da koʻp yoshlarni ish bilan taʼminlash tavsiya qilindi.
Shu yerda Fargʻona viloyatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti oʻtkazildi. Xususan, yengil sanoatdagi proyektlar samarasida paxta tolasini qayta ishlash hajmi keskin oshadi. Joriy yil yakunida kalava ip qayta ishlash darajasi 56 foizga, kelgusi yili 71 foizga yetadi. Ilgari viloyatda jami 80 million dollarlik paxta tolasi oddiy xomashyo sifatida sotilgan boʻlsa, bu yil qariyb 314 million dollarlik tayyor mahsulot eksport qilinadi. Bu koʻrsatkichni 2021-yilda 540 millionga, kelgusida 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Manba: O'zA