Mol-mulk va yer soligʻi tadbirkorlar ixtiyorida qoladi
Buxoroda davlat soliq organlari xodimlari tomonidan iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlik subyektlariga hukumatimiz tomonidan berilgan yengilliklar va soliq imtiyozlarini qoʻllash bilan yaqindan yordam berilmoqda.
Prezidentimizning 2020-yil 19-martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan viloyatdagi jami 150 dan ortiq korxonalarga jami 3 milliard soʻmlik, yaʼni 957 million soʻmlik mol-mulk soligʻi, 2 milliard 22 million soʻmlik yer soligʻi hamda 36 million soʻmlik suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni toʻlash boʻyicha foizlarni undirmasdan 6 oyga kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) boʻyicha imtiyoz qoʻllanildi.
– Kogon shahridagi “Propan-Oil-Plys” masʼuliyati cheklangan jamiyati karantin davrida avtotransport vositalari harakatiga oʻrnatilgan cheklovlar tufayli iqtisodiy qiyinchilikka duch kelgan edi, – deydi Kogon shahar DSI boshligʻi oʻrinbosari Komila Ahmadova. – Bunday vaziyatda Kogon shahar davlat soliq inspeksiyasi tomonidan belgilangan tartibda korxonaga yengillik yaratish maqsadida uning mol-mulk va yer soliqlarini toʻlash boʻyicha majburiyati foizlarni undirmasdan 6 oyga kechiktirildi.
– Bizning korxonamiz ham pandemiya taʼsiriga tushganligi sababli jami 22,7 million soʻmlik mol-mulk, yer hamda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni toʻlash boʻyicha majburiyatimiz foizlarini undirmasdan 6 oyga kechiktirildi, – deydi “Buxoro Parranda” AJ korxonasi hisobchisi Ortiq Muqimov. – Toʻgʻrisini, tan olib aytish kerak hozirgi qiyinchilik davrda biz ana shunday koʻmakka muhtoj edik. Albatta biz ushbu imtiyozli davrdan unumli foydalanib ishlab chiqarish hajmini yana-da oshirishga harakat qilayapmiz.
Joriy yilning 18-may kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq korxonalar 2020-yil 1-iyundan 1-sentyabrgacha mol-mulk va yer soligʻi toʻlashdan ozod etildi.
Mazkur imtiyozni qoʻllash natijasida viloyatdagi 1 949 ta tadbirkorlik subyekti ixtiyorida 3,3 milliard soʻmlik mablagʻ qolmoqda.
Asosiy maqsad esa ishlab chiqarish tarmoqlarini pandemiya taʼsiridan asrashdir.
Viloyat DSB
Matbuot xizmati
O'zA