Yevropa Ittifoqining savdo bo‘yicha komissari F.Xogan bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 10-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov va Yevropa Ittifoqi savdo bo‘yicha komissari F.Xogan o‘rtasida videokonferentsiya bo‘lib o‘tdi, uning davomida koronavirus tarqalishiga qarshi kurashda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi o‘zaro harakatlarning ustuvorliklari, shuningdek, hamkorlikning qator dolzarb yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Respublika hukumati nomidan Yevropa tomoniga pandemiyaning O‘zbekiston ijtimoiy - iqtisodiy rivojlanishiga ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida 36 mln. yevro miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatilgani uchun minnatdorchilik bildirildi.
“COVID-19”ning O‘zbekiston iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini yumshatish va qambag‘allikni qisqartirish kabi kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari aniqlandi. Bu maqsadlarga Yevropa Ittifoqining 2021-2027 yillar uchun navbatdagi byudjet davri doirasida moliyalashtirishning sezilarli qismini yo‘naltirish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim loyihasi bo‘yicha kelishishni tezlashtirish borasidagi ishlarni faollashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi, buning uchun yaqin vaqtlarda muzokaralarning navbatdagi 6-chi raundini onlayn tarzda o‘tkazish istiqbollari muhokama qilindi.
Vatanimizning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhining 4-chi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga, shuningdek, O‘zbekiston YI “PBT+” imtiyoz tizimi benefitsiar mamlakat maqomini olishi jarayoniga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar davomida moliyaviy - texnik hamkorlik sohasidagi ijobiy sur’atlar qayd etildi. Yevropa tomoniga umumiy qiymati 40 mln. yevroni tashkil etuvchi “Qishloq xo‘jaligi sohasini byudjetdan qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekistonga qo‘shimcha yordam” loyihasi doirasida 10 mln. yevro miqdoridagi birinchi transh uchun alohida minnatdorchilik bildirildi.
Bundan tashqari, joriy yilda rejalashtirilgan bir qator ikki tomonlama tadbirlarni videokonferentsaloqa orqali o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi. Ular orasida “O‘zbekiston - YI” Hamkorlik qo‘mitasining 17-yig‘ilishi, iqtisodiyot, savdo va investitsiyalar bo‘yicha “O‘zbekiston - YI” Quyi qo‘mitasining 15-yig‘ilishi va taraqqiyot maqsadlarida hamkorlik bo‘yicha “O‘zbekiston - YI” Quyi qo‘mitasining 3-yig‘ilishi.