Matematika instituti barcha olimlar uchun ma’rifat markazi bo‘ladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-iyun kuni O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Matematika institutiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga shu yil yanvar oyidagi Murojaatnomasida har yili ilm-fanning bir nechta ustuvor yo‘nalishi rivojlantirilishini aytgan edi. Joriy yilda matematika ana shulardan biri sifatida belgilandi.
Bu xalqimizni ham, ilmiy jamoatchilikni ham g‘oyat quvontirdi. Chunki matematika yurtimizda chuqur tarixiy asosga ega va bugungi kunda taraqqiyot uchun g‘oyat dolzarb.
Mamlakatimizda ushbu yo‘nalishni rivojlantirishda Fanlar akademiyasining Matematika instituti katta o‘rin tutadi. 1943-yilda tashkil etilgan bu dargoh o‘tgan davrda matematik tadqiqotlarning yirik markazlaridan biriga aylangan. Bu yerda shakllangan algebra va funksional analiz, differensial tenglamalar, ehtimollar nazariyasi va matematik statistika bo‘yicha ilmiy maktablar jahon olimlari tomonidan e’tirof etilgan.
Lekin shu paytgacha institut eski, ta’mirtalab binoda ish yuritib kelayotgan edi. Matematiklarga zamonaviy sharoitlar yaratish maqsadida Olmazor tumanidagi Talabalar shaharchasida yangi bino qurilib, foydalanishga topshirildi.
Prezidentimiz bu yerda yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi. Yangi imoratda 7 ta ilmiy laboratoriya va “Yosh matematiklar” markazi faoliyat yuritadi. Binoning shinam qavatlarida axborot-resurs markazi va seminar xonalari, akademik va tadqiqotchilar uchun kabinetlar, kutubxona, majlislar zali, oshxona joylashgan. Xonalar eng ilg‘or texnika va uskunalar bilan jihozlangan.
- Bu zamonaviy institut barcha olimlar uchun ma’rifat markazi bo‘lishi kerak. Matematika ko‘p fanlarga yo‘l ochadi. Uni Talabalar shaharchasida barpo etganimiz bejiz emas. Bu institut ta’lim va ilm-fan o‘rtasida uzviylikni ta’minlashi, mamlakatimiz rivojiga zamin yaratishi kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu yerda ta’lim sohasi mutasaddilari, rektor va matematik olimlar bilan muloqot bo‘ldi.
– Matematika fanining tamal toshini Al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy kabi ulug‘ bobolarimiz qo‘ygan. Bu bizning qonimizda bor. Lekin oxirgi yigirma yilda matematikadan bilim darajasi pasayib ketdi. Chunki o‘qituvchilarga kerakli e’tibor, munosib oylik berolmadik, pirovard maqsad qo‘ya olmadik. Buning oqibati hozir ko‘pdan-ko‘p sohalarda sezilyapti. Bugun bu fanni rivojlantirishdan maqsadimiz – matematika bo‘yicha raqobat muhitini yaratish, sanoat, muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha yetuk kadrlar tayyorlash, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari joriy yil 31-may kuni olimlar bilan uchrashuvda matematik ongni bog‘chadan boshlab shakllantirish zarurligini ta’kidlagan edi. Shundan kelib chiqib, Matematika institutida maktabgacha ta’lim, maktablar va oliy o‘quv yurtlaridagi darslarni muvofiqlashtiradigan tizim yo‘lga qo‘yilmoqda.
Shu boradagi taqdimot bilan tanishar ekan, Prezidentimiz «matematika o‘qituvchilarining bilim va malakasi bo‘yicha har bir tuman kesimida tahlil bormi? Moddiy va tashkiliy jihatdan yana nimalar qilishimiz kerak?» deya savollar qo‘ydi.
– Kechagi dars berish uslubi bilan matematikani jadal rivojlantirib bo‘lmaydi. Shu bois avval amalda yaxshi natija bergan xorijiy metodika asosida ta’lim dasturlari yaratib, o‘qituvchilarni qayta tayyorlash zarur. Metodika shunday bo‘lishi kerakki, u bolalarda matematikaga muhabbat uyg‘otsin. Buning uchun o‘quvchilar bu fan hayotda, har bir sohada o‘ziga kerakligini anglashi zarur. Yoshlar imtihondan o‘tish uchun emas, bilimli mutaxassis bo‘lish uchun o‘qishi lozim, – deb ta’kidladi davlatimiz rahbari.
Oxirgi besh-o‘n yilda matematika yo‘nalishi bo‘yicha universitetlarni bitirgan yoshlarni topib, xohishiga qarab qayta tayyorlab, maktablarga, fan nomzodlarini esa oliy ta’lim muassasalariga ishga jalb etish muhimligi ta’kidlandi. Matematika kafedra mudirlarini saylash tartibini joriy qilish, kafedra mudirlari kengashi tuzib, doimiy tajriba almashinuvni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Matematika institutida 72 nafar ilmiy xodim, jumladan, 5 nafar akademik faoliyat yuritmoqda. Oxirgi ikki yilda 11 nafar fan doktori va 14 nafar fan nomzodi tayyorlangan. 422 ta ilmiy maqola (245 tasi chet elda), 9 ta monografiya (5 tasi chet elda) chop etilgan.
Sohadagi fundamental tadqiqotlarni moliyalashtirish hajmi bir yarim barobarga oshirildi. Xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan yoshlar va ularning ustozlarini rag‘batlantirish tizimi joriy etildi.
2019-yil 9-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Matematika ta’limi va fanlarini yanada rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi matematika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda 2020 yil 7 mayda “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Manba: O'zA