Olmazor tumani boʻyicha istiqbolli rejalar belgilab olindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev mutasaddi rahbarlar ishtirokida Olmazor tumani faollari, nuroniylar bilan uchrashuv oʻtkazdi.
- Oxirgi uch yilda Olmazorga toʻrtinchi marta kelyapmiz. Tumanda oʻzgarish boʻlyaptimi, odamlar manfaat koʻryaptimi, nima muammolar bor, degan savollar meni qiynaydi. Bugun natijalarni tahlil qilib, sizlar bilan bamaslahat yangi yoʻnalishlar va rejalarni belgilab olishimiz kerak, - dedi davlatimiz rahbari.
Tumanda kambagʻallikni qisqartirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirib, yangi ish oʻrinlari tashkil etish, aholining turmush sharoitlarini yaxshilash masalalari muhokama qilindi.
Uyma-uy yurish orqali Olmazorda 3 ming 23 ta yordamga muhtoj oila borligi aniqlangan. Shundan 568 oila aʼzosi ishga joylashtirilib, yordamga muhtojlar toifasidan chiqarildi. Bosh vazir oʻrinbosari qolgan 2 ming 455 oilani yil oxirigacha kambagʻallikdan olib chiqish boʻyicha hisobot berdi.
Joriy yilda qiymati 3 trillion soʻm boʻlgan 48 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bosh vazir oʻrinbosari toʻliq ishlatilmayotgan 12 ta davlat obyekti va ilgari xususiylashtirilib, hozir boʻsh turgan 97 ta bino va yer maydonlari negizida yangi korxonalarni tashkil etish boʻyicha loyiha takliflarini taqdimot qildi.
Davlatimiz rahbari yangi loyihalar uchun imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida Toshkent tumanining Olmazorga yaqin hududidan 200 gektar yer ajratib, yangi sanoat zonasi barpo etishni taklif qildi. U yerda tashkil etiladigan korxonalarda kamida 60 mingta yangi ish oʻrni yaratish mumkin boʻladi.
“Chorsu bozori”, Zarqaynar, Sagʻbon, Sebzor, Qorasaroy, Goʻzalbogʻ va boshqa koʻcha-mahallalarda, jami 482 gektar maydonda zamonaviy turistik, savdo va dam olish maskani – “ochiq osmon ostidagi muzey” barpo etiladi. Bu yerda hunarmandchilik doʻkonlari va rastalari, choyxona va mehmonxonalar, kichik muzeylar tashkil etiladi.
“Agregat” zavodini Chirchiqqa koʻchirgan holda, uning hududida Olmazor aholisi uchun 12-14-16 qavatli arzon uylar qurish, Toshkent tumanida Olmazorga yaqin hududda 260 gektar yerda 150 ming aholiga moʻljallangan yoʻldosh shaharcha barpo etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Jamoatchilik vakillari tumanda amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha fikr va takliflarini bildirdi.
Manba: O'zA