2020/2021 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Yoshlarning oliy taʼlim bilan qamrab olinishini yana-da kengaytirish, oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida sogʻlom raqobatni kuchaytirish, karantin sharoitida oliy taʼlim muassasalariga abituriyentlarning hujjatlarini qabul qilish va kirish imtihonlarini lozim darajada oʻtkazish maqsadida, shuningdek,2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:
1. Belgilansinki:
a) 2020/2021 oʻquv yilida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga qabul qilishda:
abituriyentlarni roʻyxatdan oʻtkazish joriy yilning 20-iyunidan 20-iyuliga qadar (20-iyul kuni ham) boʻlgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan hududlarda – Davlat xizmatlari markazlari orqali, barcha hududlarda – Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining (keyingi oʻrinlarda – Davlat test markazi) rasmiy veb-sayti orqali amalga oshiriladi;
kirish test sinovlari abituriyent tanlagan bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos ikkita fandan oʻtkaziladi;
abituriyentlarga test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi hamda fanlar ketma-ketligi bir xil boʻlgan beshtagacha bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha tanlovda ishtirok etish huquqi beriladi;
b) 2020/2021 oʻquv yili qabulidan boshlab:
Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab quvvatlash vazirligining tavsiyanomasiga ega boʻlgan xotin-qizlar uchun bakalavriatning kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlariga nisbatan qoʻshimcha toʻrt foizli davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari ajratiladi;
davlat oliy taʼlim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga oʻqishga kirish, shuningdek, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishni koʻchirish va qayta tiklash uchun hujjatlarni topshirish jarayoni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali amalga oshiriladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
2020/2021 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari (keyingi oʻrinlarda – Davlat buyurtmasi parametrlari) ishlab chiqilganligi;
mazmun jihatdan yaqin boʻlgan bakalavriattaʼlim yoʻnalishlari birlashtirilganligi va profil ixtisoslashuv sohalar kengaytirilganligi;
magistratura mutaxassisliklari yiriklashtirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Davlat buyurtmasi parametrlari:
a) bakalavrlar tayyorlash boʻyicha:
kunduzgi taʼlim shakliga – 103 575 nafar etib 1-ilovaga;
sirtqi taʼlim shakliga – 31 350 nafar etib 2-ilovaga;
kechki taʼlim shakliga – 5 025 nafar etib3-ilovaga;
b) magistrlar tayyorlash boʻyicha – 10 425 nafar etib 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. 2020/2021 oʻquv yilidaOʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda – Davlat komissiyasi) tarkibi
5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Davlat komissiyasiga quyidagi huquqlar berilsin:
zarurat boʻlganda, yangi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini kiritish hamda tashkil etiladigan yangi oliy taʼlim muassasalari qabul parametrlarini belgilash uchun Davlat buyurtmasi parametrlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;
iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning, shu jumladan respublikaning olis va borish qiyin boʻlgan tumanlarining mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojini qanoatlantirish uchun oliy taʼlimmuassasalarining bakalavriat va magistraturasiga tegishli tarmoqlar va hududlar boʻyicha maqsadli qabul parametrlarini belgilash;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda tizimida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralarning takliflari asosida oliy taʼlim muassasalarining nufuzi va hududiy joylashuvini hisobga olgan holda bazaviy toʻlov-kontrakt qiymatidan kelib chiqib tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt minimal miqdorining yagona koʻrsatkichlarini taʼlim sohalari va respublika hududlari boʻyicha belgilash(oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtayotgan oliy taʼlim muassasalari bundan mustasno);
professional taʼlim muassasalarigaoʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarinitasdiqlash.
5. Fargʻona viloyatiningSoʻx tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, istiqbolda mazkur hududning iqtisodiyot tarmoqlarini zamonaviy fikrlaydigan malakali mutaxassislar bilan taʼminlash maqsadida ushbu tuman uchun bakalavriatning kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha umumiy belgilangan qabul koʻrsatkichlariga nisbatan qoʻshimcha davlat granti asosidagi 500 ta oʻrin miqdoridagi maqsadli qabul parametrlari ajratilsin.
Fargʻona viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda mazkur qabul parametrlarini ehtiyojga muvofiq oliy taʼlim muassasalari kesimida taqsimlash boʻyicha asoslangan takliflarni bir hafta muddatda Davlat komissiyasiga kiritsin.
6. Oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtgan oliy taʼlim muassasalariga oʻzini oʻzi toʻliq moliyaviy taʼminlash miqdoridan kelib chiqib, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymatini belgilash huquqi berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtgan oliy taʼlim muassasalari rektorlari bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha belgilangan toʻlov-kontrakt miqdori haqidagi maʼlumotlarni bir hafta muddatda ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʻida eʼlon qilsin.
7. Belgilab qoʻyilsinki,2021/2022 oʻquv yilidan boshlab kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojlari toʻliq avtomatlashtirilgan tarzda “quota.mineconomy.uz” axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda – Axborot tizimi) orqali shakllantiriladi.
8. Buyurtmachilarining kadrlarga boʻlgan ehtiyojini aniqlash jarayonini raqamlashtirish maqsadida 2020-yil 1-oktyabrga qadar:
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi iqtisodiyot tarmoqlarining oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan joriy ehtiyojini kuzatib borish imkoniyatini yaratish uchun“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiniAxborot tizimi bilan integratsiyasini;
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi respublikaning barcha maktablarida bitiruvchi sinflardagi oʻquvchilar soni hamda pedagogik tarkibi toʻgʻrisida doimiy yangilanib boruvchi maʼlumotlar bazasini Axborot tizimi bilan integratsiyasini;
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda kadrlar buyurtmachilari ehtiyojlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Elektron raqamli imzo” tizimini qoʻllagan holda Axborot tizimiga kiritilishini hamda Axborot tizimini muntazam ravishda takomillashtirib borilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi va Xalq taʼlimi vazirligi boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-sentyabrga qadar umumtaʼlim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi hamda oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarini unifikatsiya qilish va yagona imtihonni yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflarni ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
10. Davlat komissiyasi 2020-yil 20-iyunga qadar:
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari buyurtmalariga binoan sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimi, veterinariya sohalarida oliy maʼlumotli kadrlarga ehtiyoj yuqori boʻlgan hududlar uchun Davlat buyurtmasi parametrlarining davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida maqsadli qabul parametrlarining tuman (shahar)lar kesimidagi taqsimotini;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, tizimida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar hamda Davlat test markazining takliflari asosida oliy taʼlim muassasalariga Davlat buyurtmasi parametrlariningtaʼlim tillariga qarab taqsimotini tasdiqlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
a) bir oy muddatda:
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda 2020/2021 oʻquv yilida yangi kiritilayotgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari hamda magistratura mutaxassisliklarini hisobga olgan holda Oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritsin;
tizimida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda yangi kiritilayotgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarining malakaviy talablari, oʻquv rejalari hamda fan dasturlarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
b) 2020-yil 31-dekabrga qadar bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari xususiyatidan kelib chiqqan holda bitiruvchilarga asosiy hamda qoʻshimcha kvalifikatsiya berish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va qambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda tizimida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-dekabrga qadar quyidagilar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan takliflar kiritsin:
oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarida faqat davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlarini belgilash;
toʻlov-kontrakt asosidagi qabul koʻrsatkichlarini oliy taʼlim muassasalari tomonidan mustaqil belgilash. Bunda, toʻlov-kontrakt asosidagi qabul koʻrsatkichlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan belgilangan miqdordan kam boʻlmasligi lozim;
iqtidorli talabalarni nodavlat oliy taʼlim tashkilotlaridahamdavlat granti asosida oʻqitish;
alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim sohalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga qabul qilish uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar bilan birgalikda majburiy uchta – ona tili (oʻzbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va Oʻzbekiston tarixi fanlari boʻyicha test sinovlari topshirish tartibini joriy qilish.
12. Sport sohasida oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash jarayonini optimallashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining “Sport faoliyati (faoliyat turlari boʻyicha)” bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oʻqish muddati 3 yil boʻlgan taʼlim dasturlari doirasida kadrlar tayyorlashniamalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
13. Belgilab qoʻyilsinki:
2020/2021 oʻquv yilidan boshlab “130 000–Matematika” taʼlim sohasi boʻyicha magistratura mutaxassisliklari uchun Davlat buyurtmasi parametrlari toʻliq davlat granti asosida shakllantiriladi;
2020/2021 oʻquv yilidadavlat granti asosida bakalavriat va magistraturaga oʻqishga qabul qilingan shaxslarni oʻqitish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 6-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh. Mirziyoyev
2020-yil 12 iyun
Toshkent shahri,
Manba: O'zA