Uchtepa tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha kompleks dastur ishlab chiqiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Uchtepa tumani rahbarlari, mahallalar raislari, ziyolilar, mutasaddilar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbari tumanda sanoat ishlab chiqarishi Toshkent shahri ko‘rsatkichidan 2 barobar kamligi, boshqa sohalar ham eng past darajada ekanini ko‘rsatib o‘tdi. Tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish, ichki yo‘llar va kommunal tarmoqlarni ta’mirlash va yoshlar masalasi bo‘yicha ko‘p ishlar qilinishi kerakligini qayd etdi.
Shu maqsadlar uchun 61 ta loyihadan iborat dastur shakllantirilgani, ular hali yana ko‘paytirilishini ta’kidladi.
- Uchtepa tumanini har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha alohida qaror qabul qilinadi. Unga nisbatan aniq takliflaringizni aytsangiz, bu hujjat amaliy, foydali bo‘ladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuv erkin, ochiq muloqot tarzida o‘tdi. Odamlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Prezidentimiz takliflarni tegishli rejalarga kiritish, yaqin vaqtlarda amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.